Shaftolining pishgan mevalari tarkibida juda ko‘p kaliy, kalsiy, temir, fosfor va S, V darmondorilari bor. Uning sharbatga to‘lgan eti yurak, jigar va buyrakning ishlash faoliyatini meʼyorlashtiradi. Oshqozon yarasini davolashga yordam beradi.
Shaftolining danagi, gullari va barglari ham foydali. Shaftoli danagidan olingan yog‘dan tibbiyot va kosmetologiyada keng foydalaniladi. Ayniqsa, bu yog‘lar uqalash (massaj) paytida ishlatilsa meʼyorlashtiradi, teri ostidagi mushaklarni yumshatadi. Shuningdek, u yaralarni tuzatish xususiyatiga ham ega.
Sharq tabiblari shaftoli bargi va gullarining damlamasini qand kasali, toshmalar, neyrodermit va qon to‘xtatishda ishlatishgan. Shaftoli barglari damlamasi bosh og‘rig‘i, bod, oshqozon-ichak kasalliklarini tuzatib, peshob haydaydi. Shaftolining barglari saraton xastaligining paydo bo‘lishiga yo‘l qo‘ymaydi.
Qadimgi tabiblar ham ayollar kasalliklari, mastopatiya, mioma, endometrioz kabi xastaliklarini davolashda shaftolining gullari va barglaridan foydalangan. Saraton xastaligi va turli shishlar paydo bo‘lishining oldini olish uchun, shaftoli barglaridan choy damlab iching. Faqat bu choyning bo‘shashtiruvchi xususiyati borligi yodingizda bo‘lsin.
Mastopatiyada esa og‘riqli joyga yangi uzilgan shaftoli barglaridan bo‘tqa tayyorlab bosish yordam beradi.
Mioma, fibrioma kabi ayollar xastaliklarida quyidagicha damlama tayyorlab iching: 1 osh qoshiq maydalangan shaftoli barglari ustiga 1 stakan qaynoq suv quyib, damlab qo‘ying. Kuniga 3 mahal, 0.5 stakandan ovqatlanish oralig‘ida iching.
Yuz uchun shaftoli yog‘i
Yuzni parvarish qilish uchun xavfsiz va foydali vositalar ro‘yxati shaftoli yog‘ini o‘z ichiga oladi. U yumshatuvchi taʼsirga ega va o‘lik hujayralarni yaxshilab yuvib tashlaydi va teshiklarni yumshatadi. Shaftoli yog‘ini muntazam qo‘llanilishi natijasida mimik ajinlar yo‘qoladi.
Teri uchun yaxshi tozalash vositasi qahva va shaftoli yog‘ining aralashmasi bo‘ladi.
Ko‘p qizlar chiroyli va uzun kiprikka ega bo‘lishni xohlashadi, lekin bunga erishishning oson usuli bor. Shaftoli yog‘idan foydalanish, kunda va kunora kipriklarga kerakli miqdorda surish ancha samara beradi.
Bundan tashqari, sochlarni mustahkamlaydi, metabolizmni oshiradi, o‘sishni rag‘batlantiradi va zichlikni oshiradi. Shuningdek, tuklarni qayta tiklash jarayonini faollashtiradi, bu esa sochlarni zich, yorqin va chiroyli qiladi.
Cho‘lponoy Ahmedova tayyorladi.


