Xitoyning Shanhay shahrida kengligi taxminan 10–20 metr bo‘lgan yer o‘pirilishi sodir bo‘ldi. Hodisa bir necha soniya ichida yuz berib, yo‘l qismi, qurilish materiallari va vaqtinchalik inshootlar hosil bo‘lgan chuqurlikka qulab tushgan.
Ma’lumotlarga ko‘ra, jabrlanganlar yo‘q. Haydovchilar va piyodalar xavfli hududdan o‘z vaqtida uzoqlashishga ulgurgan, qurilish maydonchasida ishlayotgan ishchilar esa zudlik bilan evakuatsiya qilingan.
Dastlabki taxminlarga ko‘ra, hodisaga metro qurilishi ishlari hamda bir kun avval aniqlangan suv sizib chiqishi sabab bo‘lgan bo‘lishi mumkin.
Eslatib o‘tamiz, 2024-yilda ham aynan shu hududda shunga o‘xshash yer o‘pirilishi qayd etilgan edi. Hozirda mutaxassislar voqea sabablarini aniqlash bo‘yicha tekshiruv olib bormoqda.


