1. Bosh sahifa
  2.  / 
  3. O'zbekiston

Shavkat Mirziyoyev Gurbanguli Berdimuhamedov bilan telefonlashdi

Suhbatda xalqaro masalalar yuzasidan fikr almashilgan.

Shavkat Mirziyoyev Gurbanguli Berdimuhamedov bilan telefonlashdi

 

Bugun, 7 fevral kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Turkman xalqining milliy yetakchisi va Turkmaniston Xalq Maslahati Raisi Gurbanguli Berdimuhamedov bilan telefon orqali muloqot qildi.

 

Suhbat avvalida yetakchilar O‘zbekiston Respublikasi va Turkmaniston o‘rtasida diplomatik munosabatlar o‘rnatilganining 30 yilligi bilan bir-birlarini dildan qutlab, eng ezgu tilaklarini bildirdilar. Xalq Maslahati Raisi Turkmaniston Prezidenti Serdar Berdimuhamedovning ham samimiy tabriklarini yetkazdi.

 

O‘tgan yillarda O‘zbekiston-Turkmaniston munosabatlari do‘stlik, yaxshi qo‘shnichilik va ishonchdek ezgu anʼanalarga tayangan holda jadal rivojlanib borgani va bugungi kunda strategik sheriklikdek yuksak darajaga ko‘tarilgani alohida qayd etildi.

 

Ushbu qutlug‘ kunda azaldan yaqin qardoshlik rishtalaridan kelib chiqib va o‘zaro hurmat belgisi sifatida mamlakatlar o‘rtasida do‘stona yordam almashildi – Turkmanistondan suyultirilgan gaz partiyasi yetkazildi, o‘z navbatida O‘zbekistondan qo‘shni mamlakatga zamonaviy tez yordam mashinalari jo‘natildi.

 

Bundan tashqari, kuni kecha ikki mamlakat poytaxtlarida keng jamoatchilik, milliy diasporalar va diplomatik korpus vakillari ishtirokida tantanali tadbir va konsertlar bo‘lib o‘tdi.

 

Tovar ayirboshlashning o‘sayotgani hamda “Shovot-Toshovuz” chegaraoldi savdo zonasini barpo etish bo‘yicha birgalikdagi ishlar boshlangani mamnuniyat bilan qayd etildi. Transport, energetika, sanoat, qishloq xo‘jaligi va boshqa tarmoqlarda muhim kooperatsiya loyihalari amalga oshirilmoqda.

 

Suv resurslarini boshqarish va ulardan foydalanish sohasida, shu jumladan, qo‘shma suv xo‘jaligi komissiyasi doirasida samarali hamkorlik davom etmoqda.

 

O‘zbekiston va Turkmaniston o‘rtasida, shu jumladan, hududlar darajasida taʼlim va madaniy-gumanitar almashinuv dasturlari faol ro‘yobga chiqarilmoqda.

 

O‘zaro manfaatli hamkorlikni yana-da chuqurlashtirish va mintaqaviy ahamiyatga ega strategik loyihalarni birgalikda ilgari surish uchun imkoniyatlar mavjudligi taʼkidlandi.

 

Xalqaro ahamiyatga molik dolzarb masalalar yuzasidan ham fikr almashildi.

 

Kategoriyalar

Bog'lanish uchun

+998 (71) 207-21-28

Elektron manzil

info@zamon.uz

Shahodatnoma

№1346 Berilgan sana: 28.05.2020

Asoschisi

ООО Master Media Production and Broadcast

Tahririyat manzili

Toshkent sh., Amir Temur shoh ko'chasi, 53 uy

Яндекс.Метрика