O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev 10-fevral kuni Qirg‘iziston prezidenti Sadir Japarov bilan telefon orqali muloqot o‘tkazdi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar berdi.
Suhbat davomida ikki davlat o‘rtasidagi do‘stlik, yaxshi qo‘shnichilik va keng qamrovli strategik sheriklik munosabatlarini yanada mustahkamlash masalalari muhokama qilindi.
Tomonlar o‘zaro tovar ayirboshlash hajmi barqaror o‘sib borayotganini ijobiy baholadi. Shuningdek, sanoat kooperatsiyasi doirasidagi qo‘shma loyihalar izchil amalga oshirilayotgani qayd etildi.
Yirik infratuzilmaviy tashabbuslar, jumladan, Xitoy—Qirg‘iziston—O‘zbekiston temiryo‘li hamda Qambarota gidroelektr stansiyasi qurilishi bo‘yicha hamkorlik ishlari davom etayotgani alohida ta’kidlandi.
Bundan tashqari, prezidentlar mintaqaviy kun tartibidagi muhim masalalar yuzasidan fikr almashib, yaqin kelajakda o‘tkazilishi rejalashtirilgan ikki tomonlama va ko‘p tomonlama tadbirlarni ham muhokama qildi.


