Qirg‘izistonning Cho‘lponota shahrida 2-iyun kuni “Yevropa Ittifoqi – Markaziy Osiyo” ikkinchi sammiti bo‘lib o‘tadi. Bu haqda Qirg‘iziston prezidenti Administratsiyasi tashqi siyosat bo‘limi boshlig‘i Muratbek Azimbakiyev ma’lum qildi.
Xabarda keltirilishicha, Cho‘lponotada 2-3 iyun kunlari xorijiy davlatlar rahbarlari ishtirokida xalqaro tadbirlar bo‘lib o‘tadi. Tadbirlarda Qirg`iziston prezidenti Sadir Japarov, Qozog‘iston prezidenti Qosim-Jomart Tokayev, Tojikiston prezidenti Emomali Rahmon, O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev, Turkmaniston Vazirlar Mahkamasi Raisining o‘rinbosari Nurmuhammet Amannepesov va Yevropa Kengashi Charlz Mishel ishtirok etishi kutilmoqda.
Kun tartibida ikki mintaqa oʻrtasidagi siyosiy, savdo-iqtisodiy va madaniy-gumanitar hamkorlikning bugungi holati va istiqbollari muhokama qilinishi hamda bugungi kundagi dolzarb masalalar hamda Markaziy Osiyo va Yevropa Ittifoqi davlatlari oʻrtasidagi oʻzaro hamkorlik yuzasidan fikr almashiladi.
Bundan tashqari, Qirg`iziston prezidenti Sadir Japarovning delegatsiyalar rahbarlari bilan ikki tomonlama uchrashuvlar o‘tkazishi ham rejalashtirilgan.


