O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev rafiqasi bilan birga rasmiy tashrif bilan Turkiya poytaxti Anqara shahriga keldi.
“Esenbog‘a” xalqaro aeroportida oliy martabali mehmonlarni Turkiya Respublikasi Prezidenti Rejep Tayyip Erdog‘an va rafiqasi kutib oldi. Aeroportda ikki davlat bayroqlari ko‘tarildi, faxriy qorovul saf tortdi.
Davlat rahbarlari va birinchi xonimlar qisqa uchrashuv o‘tkazdilar. Suhbat chog‘ida O‘zbekiston va Turkiya o‘rtasidagi keng qamrovli strategik sheriklik munosabatlarini yanada rivojlantirish masalalari yuzasidan fikr almashildi.
Bugun Oqsaroy qarorgohida Oliy darajadagi Strategik hamkorlik kengashining to‘rtinchi yig‘ilishi bo‘lib o‘tadi. Muzokaralarda siyosat, savdo-iqtisodiyot, investitsiyalar, transport, energetika, madaniyat, gumanitar soha va boshqa ustuvor yo‘nalishlarda amaliy hamkorlikni kengaytirish masalalari atroflicha muhokama qilinadi.
a
Anqaradagi tadbirlar doirasida Xatay viloyatining Arsuz tumanida “O‘zbekiston” turar joy majmuasining ochilishi, shuningdek, Istanbul shahrida o‘zbek maktabi qurilishini boshlashga bag‘ishlangan marosimlar ham rejalashtirilgan.


