Taniqli davlat va jamoat arbobi, Oliy Majlis Senati a’zosi, yuridik fanlar doktori, professor Rahmonqulov Mirakbar Hojiakbarovich 2026-yil 11-fevral kuni 74 yoshida vafot etdi.
Mirakbar Rahmonqulov 1952-yil 5-oktabrda Toshkent shahrida tug‘ilgan. 1975-yilda Toshkent davlat universitetini huquqshunoslik yo‘nalishi bo‘yicha tamomlab, mehnat faoliyatini Davlat reja qo‘mitasi huzuridagi iqtisodiyot ilmiy-tekshirish institutida boshlagan.
U turli yillarda O‘zbekiston Yoshlar ittifoqi Markaziy qo‘mitasi, O‘zbekiston Fanlar akademiyasi hamda O‘zbekiston Oliy Soveti Prezidiumida mas’ul lavozimlarda faoliyat yuritgan.
1992–1994-yillarda Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universitetining birinchi prorektori sifatida faoliyat olib borib, zamonaviy bilimga ega malakali kadrlar tayyorlash ishlariga katta hissa qo‘shgan.
So'nggi yillarda O‘zbekiston Prezidenti huzuridagi Strategik va mintaqalararo tadqiqotlar institutiga rahbarlik qilgan, Amaldagi qonun hujjatlari monitoringi institutida rahbar o‘rinbosari bo‘lib ishlagan. U mamlakatning ijtimoiy-iqtisodiy va siyosiy barqarorligini ta’minlashga qaratilgan muhim strategik tadqiqotlarni amalga oshirishda faol ishtirok etgan.
Mirakbar Rahmonqulov uzoq yillar davomida O‘zbekiston Prezidentining Davlat maslahatchisi, Milliy xavfsizlik kengashi kotibi lavozimlarida xizmat qilgan. So‘nggi yillarda Prezident huzuridagi Qonunchilik va huquqiy siyosat institutiga rahbarlik qilib, Oliy Majlis Senati a’zosi sifatida samarali faoliyat olib bordi.
Uning davlat va xalq oldidagi xizmatlari munosib e’tirof etilib, “O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan yurist” faxriy unvoni, “Fidokorona xizmatlari uchun” hamda II darajali “Shon-sharaf” ordenlari bilan taqdirlangan.
“Taniqli davlat arbobi, yirik huquqshunos olim, mehribon ustoz va kamtarin inson Mirakbar Rahmonqulovning yorqin xotirasi qalblarda abadiy saqlanib qoladi”, - deyiladi hamdardlikda.


