Prezident Shavkat Mirziyoyev joriy hafta AQSh poytaxti Vashington shahrida bo‘lib o‘tadigan Tinchlik kengashining birinchi yig‘ilishida ishtirok etishi kutilmoqda. Bu haqda “O'zbekiston 24” telekanali xabar berdi.
Tadbir global xavfsizlikni mustahkamlash, mintaqaviy barqarorlikni ta’minlash va tinchlik tashabbuslarini muvofiqlashtirish masalalariga bag‘ishlanadi.
Yig‘ilishda davlat va hukumat rahbarlari, xalqaro tashkilotlar hamda diplomatik doiralar vakillari qatnashadi. Uchrashuv kun tartibida geosiyosiy muammolarni tinch yo‘l bilan hal etish, davlatlar o‘rtasida hamkorlikni rivojlantirish, humanitar masalalar va barqaror taraqqiyot mavzulari muhokama qilinadi.
Shavkat Mirziyoyevning ishtiroki O‘zbekistonning xalqaro tinchlik va barqarorlik tashabbuslarida faol ishtirok etishga tayyor ekanligini yana bir bor namoyon etadi. Shu bilan birga, safar davomida ikki tomonlama uchrashuvlar va boshqa xalqaro hamkorlik masalalari bo‘yicha muzokaralar o‘tkazilishi kutilmoqda.
Yig'ilish 19-fevral kuni bo‘lib o‘tadi va unda 20 dan ortiq davlat delegatsiyalari, jumladan davlat rahbarlari qatnashishi rejalashtirilgan.


