
Qayd etilishicha, 17 sentyabr kuni bu yerda Shanxay hamkorlik tashkiloti sammiti bo‘lib o‘tadi.
O‘zbekiston Shanxay hamkorlik tashkilotining asoschi davlatlaridan biri. 2001 yilda tuzilgan mazkur tashkilotga bugungi kunda sakkizta mamlakat – Hindiston, Qozog‘iston, Xitoy, Qirg‘iziston, Pokiston, Rossiya, Tojikiston va O‘zbekiston aʼzo.

O‘tgan 20 yilda tashkilot xalqaro doirada nufuzli tuzilmaga aylandi. Bugun SHHT makoni dunyo aholisining qariyb yarmini birlashtirgan, boy tabiiy resurslar, ilg‘or texnologiyalar va ulkan isteʼmol bozoriga ega.
O‘zbekiston SHHTga savdo-iqtisodiyot, transport va madaniy-gumanitar sohalarda ko‘p tomonlama hamkorlikni rivojlantirish, mintaqaviy xavf-xatarlar va transmilliy jinoyatchilikka qarshi kurashishning muhim vositasi sifatida qaraydi.

Mamlakatimiz tashkilot doirasidagi hamkorlikda faol ishtirok etib kelmoqda. Davlatimiz rahbarining tashabbuslari hamkorlik ko‘lamini kengaytirish va natijadorlikni oshirishga xizmat qilmoqda.

Taʼkidlanishicha, Prezidentimiz bugunning o‘zida Tojikiston Respublikasi Prezidenti Emomali Rahmon, Eron Islom Respublikasi Prezidenti Ibrohim Raisiy va Pokiston Islom Respublikasi Bosh vaziri Imron Xon bilan uchrashuvlar o‘tkazadi.

Avvalroq, Prezident Shavkat Mirziyoyev Shanxay hamkorlik tashkiloti Davlat rahbarlari kengashining majlisida ishtirok etish uchun 16 sentyabr kuni Tojikiston poytaxti Dushanbe shahriga jo‘nab ketgani haqida xabar berilgandi.


