Bugun, 4-may kuni Shavkat Mirziyoyev Tojikiston Respublikasi Prezidenti Emomali Rahmon bilan telefon orqali muloqot qildi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar berdi.
Qayd etishicha, davlat yetakchilari muqaddas Ramazon hayiti bilan bir-birini samimiy qutlab, ikki mamlakatning birodar xalqlariga tinchlik-osoyishtalik, baxt-saodat, farovonlik va ravnaq tilagan.
O‘zbekiston va Tojikiston o‘rtasidagi do‘stlik, yaxshi qo‘shnichilik va strategik sheriklik munosabatlarini yanada mustahkamlashning dolzarb masalalari ko‘rib chiqilgan. Oliy darajadagi muzokaralar yakunida qabul qilingan bitimlar va erishilgan kelishuvlarning amalga oshirilishi batafsil muhokama qilingan.
Amaliy hamkorlikni kengaytirish, shu jumladan, o‘zaro savdo hajmini oshirish, sanoat, energetika, qishloq xo‘jaligi, transport sohalari va boshqa yo‘nalishlarda ustuvor kooperasiya loyihalarini ilgari surishga alohida e’tibor qaratilgan.
Davlat rahbarlari hududlar o‘rtasidagi muloqotlarni faollashtirish va madaniy-gumanitar almashinuvni rivojlantirish zarurligini ta’kidlagan.
O‘zaro loyihalar va ko‘p qirrali hamkorlik dasturlarini amalga oshirishni jadallashtirish uchun ikki mamlakat hukumatlari darajasida muntazam uchrashuvlar o‘tkazish va muvofiqlashuvni kuchaytirish muhim ekani qayd etilgan.
Bundan tashqari, mintaqaviy kun tartibining dolzarb jihatlari yuzasidan fikr almashilgan, bo‘lajak ikki va ko‘p tomonlama tadbirlar rejasi ko‘rib chiqilgan.
O‘zbekiston va Tojikiston Prezidentlarining telefon orqali muloqoti har doimgidek ishonch va do‘stlik ruhida o‘tgan.


