Bugun, 24-noyabr kuni xorijiy davlatlarning mamlakatimizga yangi tayinlangan elchilari tomonidan ishonch yorliqlarini topshirish tantanali marosimi bo‘ldi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Koreya Respublikasi elchisi Kim Xi Sang, Qirg‘iz Respublikasi elchisi Musa Jamanbayev, Jazoir Xalq Demokratik Respublikasi elchisi Bumediyen Gennad, Qozog‘iston Respublikasi elchisi Beybut Atamkulov, Amerika Qo‘shma Shtatlari elchisi Jonatan Xenikdan ishonch yorliqlarini qabul qilib oldi.
Davlatimiz rahbari yangi tayinlangan elchilarni samimiy qutlab, O‘zbekistonda diplomatik missiyasini boshlagani bilan tabrikladi.
Mamlakatimizda Yangi O‘zbekistonning taraqqiyot strategiyasiga muvofiq kuchli demokratik huquqiy davlat, erkin fuqarolik jamiyatini barpo etish qaratilgan keng ko‘lamli va muqarrar tus olgan islohotlar amalga oshirilayotgani taʼkidlandi.
Jahonda kechayotgan murakkab geosiyosiy vaziyatda O‘zbekiston o‘zaro ishonch va hurmat, manfaatli hamkorlikka asoslangan vazmin tashqi siyosat yuritib, barcha davlatlar bilan ikki va ko‘p tomonlama sheriklikni mustahkamlab kelmoqda. Markaziy va Janubiy Osiyo, Yevropa va Amerika davlatlari, arab-musulmon mamlakatlari bilan aloqalar yangi bosqichga chiqdi.
Nufuzli xalqaro va mintaqaviy tashkilotlar, global moliya institutlari bilan sheriklik kengayib bormoqda. Yaqinda Samarqand shahrida Shanxay hamkorlik tashkiloti va Turkiy davlatlar tashkiloti sammitlari yuqori darajada o‘tdi.
Mamlakatimizda bozor iqtisodiyoti tamoyillarini chuqurlashtirish, xususiy sektorni faol qo‘llab-quvvatlash, xorijiy sarmoya va texnologiyalarni keng jalb etishga alohida eʼtibor qaratilayotgani taʼkidlandi. Bularning natijasida so‘nggi 5 yilda iqtisodiyotimizdagi xorijiy investitsiyalar hajmi 10 baravar oshib, 40 milliard dollarga yaqinlashdi.
– Biz kelgusi 10 yilda mamlakatimiz yalpi ichki mahsuloti hajmini ikki barobarga oshirishni maqsad qilib qo‘yganmiz, – dedi Shavkat Mirziyoyev. – Buning uchun bizda xohish-iroda ham, intilish va imkoniyatlar ham yetarli. Bunday ulug‘vor marralarga erishish uchun sarmoyalar hajmini kelgusi 5 yilda 120 milliard dollarga yetkazish, jumladan, kamida 70 milliard dollar xorijiy investitsiyalar jalb etishni hisob-kitob qilganmiz. Mamlakatimiz eshiklari jahon uchun, dunyo bozorlari esa yurtimiz uchun ochiq bo‘lishi kerak, — dedi Prezident.


