
Qayd etilishicha, mamlakatdagi nufuzli nashrlardan biri - «The Korea Post» jurnali o‘z sahifasida davlatimiz rahbarining ushbu nufuzli tashkilot sessiyasidagi nutqining to‘liq matnini ingliz tilida chop etdi. Bundan tashqari, jurnalning ushbu sonida O‘zbekiston Prezidentining BMT Bosh Assambleyasining 76-sessiyasida ilgari surgan muhim tashabbuslarini o‘zida aks ettirgan maqola ham eʼlon qilingan.
Maqolada yozilishicha, O‘zbekiston rahbari o‘z videomurojaatida yangi sharoitlarda BMT va uning ixtisoslashgan tuzilmalarining ahamiyati va o‘rni tobora ortib borayotganini qayd etib, xalqaro hamjamiyat eʼtiborini dunyoda tinchlik, xavfsizlik va barqaror taraqqiyotga transmilliy tahdidlar tobora kuchayayotganiga, iqlim jadal o‘zgarayotganiga, ommaviy migratsiya oqimlari ko‘payayotganiga, anʼanaviy qadriyatlar zavol topayotganiga qaratdi.
Taʼkidlanishicha, jahon taqdiri bilan bog‘liq ushbu muhim jarayonlarda aynan BMT o‘zining yetakchilik rolini yangi mazmun va sifat bilan davom ettirishi zarurligini qayd etgan O‘zbekiston yetakchisi tashkilot Bosh kotibining xalqaro munosabatlar tizimida hamjihatlik va birdamlikni mustahkamlash, tashkilot faoliyatining samaradorligini va shaffofligini oshirishga qaratilgan harakatlarini qo‘llab-quvvatlashini bildirdi.
«Shavkat Mirziyoyev BMTning «hech kimni eʼtiborsiz qoldirmaslik», degan tamoyil asosida vaksinalardan teng va adolatli foydalanish imkoniyatini yaratishga doir saʼy-harakatlarini to‘liq qo‘llab-quvvatladi», - deb yozadi «The Korea Post».
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Prezident Shavkat Mirziyoyevning "Yangi O‘zbekiston" gazetasiga bergan intervyusi matni «El Mundo Financiero» xalqaro internet-nashrida ispan tilida chop etilgani to‘g‘risida xabar berilgandi.


