KXDR chegara yaqinida joylashgan aviabazani temiryo‘l konteynerlari qabul qiladigan obyektga aylantirmoqda. Bu haqda Strategik va xalqaro tadqiqotlar markazi (CSIS) maʼlumotlariga tayanib, Financial Times nashri xabar berdi.
Shimoliy Koreya koronavirus infeksiyasi tarqalishni boshlangach, barcha chegaralarni va dengiz portlarini yopib qo‘ygan. Mamlakat hatto gumanitar yordam qabul qilishni to‘xtatgan.
"Shimoliy Koreya chegaradagi aviabazani konteynerlarni dezinfeksiya qiluvchi obyektga aylantirmoqda. Tahlilchilarning fikricha, bu Xitoy bilan savdoning tiklanishiga olib keladi. Bu esa, AQSHning iqtisodiy bosim orqali Pxenyanni yadro muzokaralari stoliga qaytarish haqidagi umidlarini puchga chiqaradi", — deyiladi xabarda.
CSIS qo‘lida bo‘lgan sunʼiy yo‘ldosh tasvirlari orqali Xitoy bilan chegara yaqinida joylashgan Iydju hududida qurilish ketayotganganini ko‘rish mumkin. Qayd etilishicha, mart oyida KXDRda import tovarlarini dezinfeksiya qilish to‘g‘risida qonun qabul qilganidan keyin ushbu obyektlar qurilishi boshlangan.
Strategik va xalqaro tadqiqotlar markazi (CSIS) vakili Viktor Chaning fikricha, Pxenyan o‘z hududiga koronavirus kirib kelishidan qo‘rqadi. Ammo yuqoridagi obyektning qurilishi KXDR ning maʼlum darajada bo‘lsa-da, savdoning tiklanishini istagida ekanini ko‘rsatadi, sababi "ular ortiq yopiq bo‘lib qola olmaydi".
Avvalroq Shimoliy Koreya qora oqqush go‘shti yordamida ochlikka qarshi kurashmoqchi ekanligi hamda Kim Chen In 20 kilogrammga ozganligi to‘g‘risida xabar berilgandi.
Jahongir Qo'ziyev


