Shukrullo Egamberdiyevga “hayfsan” intizomiy jazosi berildi va Toshloq tumani bosh imomi vazifasidan ozod etildi. Bu haqda O‘zbekiston Musulmonlari idorasi Matbuot xizmati xabar berdi.
Qayd etilishicha, bugun,16 may kuni O‘zbekiston Musulmonlari idorasi Ichki nazorat komissiyasi tomonidan xalq orasida “Shukrullo domla” deb tanilgan Farg‘ona viloyati Toshloq tumani bosh imomi va “Abu Hanifa” jome masjidi imom-xatibi Shukrullo Egamberdiyevning ijtimoiy tarmoqlardagi chiqishlari muhokama qilingan.
Yig‘ilishda imom-xatibning eʼtirozlarga sabab bo‘lgan chiqishlari va fikr-mulohazalari imomlik maqomiga to‘g‘ri kelmasligiga urg‘u qaratilgan. Sh.Egamberdiyev majlisda muhokamaga sabab bo‘lgan chiqishlarida xatoga yo‘l qo‘yganini eʼtirof etgan va uzr so‘ragan. Imom-xatib kelgusidagi faoliyatida bunday kamchiliklarga yo‘l qo‘ymasligini bildirgan.
"O‘z navbatida, mazkur xatti-harakatlarga nisbatan huquqiy baho berib, tegishli chora ko‘rilishi munosabati bilan imom-xatibni obro‘sizlantirish holatlaridan saqlanishni so‘raymiz. Ichki nazorat komissiyasi bayon etilganlarni inobatga olib, Shukrullo Egamberdiyevga hayfsan intizomiy jazosi berish va Toshloq tumani bosh imomi vazifasidan ozod etish to‘g‘risida xulosa qildi", - deyiladi xabarda.
Musulmonlari idorasi Shukrullo Egamberdiyevning aynan qaysi chiqishi uchun jazolaganini oshkor qilmagan.


