Kuni kecha, jinoyat ishlari bo‘yicha Mirzo Ulug‘bek tuman sudida transport vositasini olib qochishda ayblanayotgan shaxsga nisbatan jinoyat ishi ko‘rib chiqildi.
Ayblanuvchi o‘z ko‘rsatmasida aybiga to‘liq iqror ekanligini bildirib, bu xatti-harakatini transport vositalarga qiziqishi bilan izohladi.
Sudlanuvchi — 1998 yilda tug‘ilgan fuqaro X. Sh. S ning Toshkentga kelganiga 3 yildan oshgan, tug‘ma 2-guruh nogironi, hozirda vaqtincha ishsiz hisoblanadi. Bugungi kungacha Olmazor tumanidagi “Yagona oila” nomli mehmonxonada yashab kelgan.
2025 yil 19 mart kuni u tanishi bilan uchrashish maqsadida Mirzo Ulug‘bek tumaniga kelgan va ko‘chada aylanib yurganida Mercedes-Benz GLS 500 rusumli avtotransport vositasini ko‘rib qolib, uning oldida selfi qilib rasmga tushgan. Shundan so‘ng avtomobil ochiq holda qoldirib ketilgani, kalit joyida ekanini ko‘rib, uni haydagisi kelib qolgan va avtomobilni shunchaki aylanib kelish maqsadida haydab ketgan.
Transport vositasi yo‘l patrul xizmati xodimlari tomonidan Toshkent shahri, Uchtepa tumani, Zargarlik ko‘chasida to‘xtatilgan.
Shukrullo Isroilov ichki ishlar organlari xodimlariga bergan ko‘rsatmasida avtomobil o‘ziniki ekanligini va rulda ham o‘zi bo‘lganini bildirgan.
Ammo, sudda uning nomidan qatnashgan o‘g‘li, avtomobil hujjatlarda uning nomida ekanligini va rulda otasi emas, o‘zi bo‘lganini aytib, otasining gapini inkor qilgan.
Bu ko‘rsatmalarga qaramay sud aybdorni aniqlab, Isroilovlar oilasiga tegishli Mercedes-Benz avtomobilini o‘g‘irlab ketgan yigitni sud hukmi bilan 2 yil muddatga ozodlikdan mahrum qildi.


