Xitoyning yirik aviatashuvchisi — Air China aviakompaniyasi O‘zbekistonga muntazam aviaparvozlarni amalga oshirish uchun rasmiy ruxsatnoma oldi. Bu haqda “O‘zaviatsiya” agentligi Matbuot xizmati xabar berdi.
Qayd etilishicha, 1994-yil 19-aprelda imzolangan O‘zbekiston va Xitoy o‘rtasidagi havo qatnovi to‘g‘risidagi hukumatlararo Bitim asosida Air China kompaniyasiga Pekin–Toshkent–Pekin va Urumchi–Toshkent–Urumchi yo‘nalishlarida muntazam aviaparvozlar uchun foydalanish ruxsatnomasi berilgan.
Parvozlar Boeing-737-800/8 (MAX) va Airbus-330-300/200 samolyotlarida amalga oshiriladi.
Avvalroq xabar berilganidek, Uzbekistan Airports iyul oyidan boshlab mazkur har bir yo‘nalish bo‘yicha haftasiga 3 martalik parvozlarni yo‘lga qo‘ygan.
Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 1-iyunidan boshlab O‘zbekiston va Xitoy o‘rtasida 30 kunlik vizasiz rejim amalda.
Hozirgi vaqtda ikki davlat o‘rtasida 5 ta aviakompaniya – Uzbekistan Airways, Qanot Sharq, Centrum Air, China Southern Airlines va Loong Air tomonidan haftasiga jami 29 ta to‘g‘ridan-to‘g‘ri reyslar amalga oshirilmoqda.


