Shveysariya Eronga to‘g‘ridan to‘g‘ri dronlar ishlab chiqarish uchun ehtiyot qismlari yetkazib bermagan. Bu haqda Shveysariya iqtisodiyot bo‘yicha kotibiyati vakili Fabian Mayenfish maʼlum qildi.
Bundan oldin ayrim OAVda Eronning Shahed-136 uchuvchisiz qurilmasida 52 ta xorijda ishlab chiqarilgan detal borligini yozgandi. Mayenfish Shveysariya Eronga sanksiyalar tufayli mahsulot eksport qilmasligini eslatib o‘tdi.
"Hech qanday tijoriy sanoat buyumlari yetkazib berilmagan. Odatda bu tovarlar uchinchi davlatlarda ishlab chiqariladi va butun dunyoga tarqatiladi. Shundan kelib chiqib, Eron ushbu maxsulotlarni jahon bozoridan sotib olgan", — degan u.
G‘arb davlatlari Eronni Rossiyaga dron yetkazib berishda ayblamoqda. Bu Tehron tomonidan bir necha bor inkor qilingan bo‘lsa-da, keyinchalik tashqi ishlar vaziri Amir Abdullohiyan xaqiqatdan ham Moskvaga qurilmalar sotilganini tan oldi. Ammo diplomat bu Ukraina urushidan bir necha oy oldin amalga oshirilganini aytgan.


