Dunyo giyohvandlik tahdidining yangi bosqichiga tez surʼatlarda kirib bormoqda. Agar o‘n yil muqaddam asosiy xavf manbai geroin va boshqa opioidlar hisoblansa, bugungi kunda ularning o‘rnini sintetik giyohvandik vositalar egallamoqda. BMTning Narkotiklar va jinoyatchilik bo‘yicha boshqarmasi (BMT NJB) maʼlumotlariga ko‘ra, jahon bozorida 12 000 dan ortiq turdagi giyohvandik moddalar aniqlangan bo‘lib, faqat 2024 yilning o‘zida 180ta yangi psixofaol modda qayd etilgan.
Giyohvandlik vositalari ishlab chiqarilishi haqida so‘z ketar ekan, Afg‘onistonni tilga olmaslik mumkin emas. Bu mamlakat dunyoning eng yirik opiat yetkazib beruvchilaridan biri bo‘lib qolmoqda. Ammo bugungi kunda Afg‘oniston global narkoiqtisodiyotda keskin transformatsiya jarayonini boshidan kechirmoqda. 2022 yilda 233 ming gektar bo‘lgan opiy maka maydonlari 2023 yilda 10 ming gektardan ham kamayganiga qaramay, vaziyat yengillashmadi. Aksincha, mamlakat noqonuniy metamfetamin ishlab chiqarishning yirik markaziga aylandi. So‘nggi uch yil ichida narkolaboratoriyalar soni qariyb to‘rt baravarga oshgan.
Bu “sintetika sari burilish” giyohvandlik bozorining tabiatini tubdan o‘zgartirdi: yetkazib berish yo‘nalishlari qayta qurildi, ishlab chiqarish arzonlashdi va foyda oshdi. Endi dunyo yana-da yashirin, chegarasiz va halokatli giyohvandlik tahdidiga duch kelmoqda. Afg‘oniston endi geroin karvonlari emas, balki chegara bilmas kimyoviy laboratoriyalar mamlakatidir.
Sintetik giyohvandlik vositalar bugun noqonuniy bozorda yetakchi o‘rinni egallagan. Metamfetamin, amfetamin va “kaptagon” ishlab chiqarish va tarqatish bo‘yicha yetakchilar sirasida turibdi. Shu bilan birga, fentanil, nitazen kabi sintetik opioidlar va ularning turli analoglari tez tarqalmoqda. Ular juda yuqori zaharlilikka ega bo‘lib, bir marta qabul qilishning o‘zidayoq kuchli qaramlikka olib keladi va har yili o‘n minglab insonlarning umriga zomin bo‘lmoqda.
Fentanil ayniqsa xavfli modda sifatida taʼriflanadi. Agar geroin o‘n yillar davomida eng og‘ir giyohvandlik modda hisoblanib kelgan bo‘lsa, fentanil taʼsiri jihatidan undan 40-50 baravar kuchliroq. Hatto mikroskopik miqdorning o‘zi inson uchun o‘limga sabab bo‘lishi mumkin. Shu sababli fentanil tarqalishi XXI asrning eng xavfli global tahdidlaridan biriga aylandi.
Giyohvandlik moddalari tarqalishining yangi to‘lqini raqamli texnologiyalar bilan uyg‘unlashmoqda. Raqamlashtirish jarayoni noqonuniy bozorni ham qamrab oldi: endilikda giyohvandlikvositalar internet orqali, jumladan, “Darknet”da sotilmoqda. Kriptovalyuta orqali to‘lov va anonim yetkazib berish, shuningdek “zakladka” usulida tarqatish narkobiznesni deyarli aniqlab bo‘lmas darajaga keltirmoqda. Darknet har kuni minglab noqonuniy savdo operatsiyalari amalga oshiriladigan global maydonga aylandi, sintetik moddalar esa rasman taqiqlanguncha allaqachon ommalashishga ulgurmoqda. Bu raqamli soya davlatlar o‘rtasidagi chegaralarni yo‘qqa chiqarib, narkotahdidni yangi avlod kiberxavfsiga aylantirmoqda.
Shu bilan birga, dorivor vositalarning tibbiy bo‘lmagan maqsadda ishlatilishi ham kengaymoqda. Sog‘liqni saqlash tizimlaridagi nazoratning yetarli emasligi sababli tinch aholi uchun mo‘ljallangan og‘riqsizlantiruvchi, tinchlantiruvchi va psixotrop preparatlar ko‘pincha “qora bozor” orqali tarqalmoqda. Bu ayniqsa rivojlanayotgan mamlakatlarda jiddiy xavf tug‘dirmoqda.
Giyohvandlikning asosiy nishoni bu yoshlar. 2025 yilda BMT NJB tomonidan o‘tkazilgan so‘rovnoma natijalariga ko‘ra, Markaziy Osiyodagi
14 yoshdan 30 yoshgacha bo‘lgan 6 ming nafar yoshlardan 2-5% oxirgi bir yil ichida giyohvandlik moddalarni isteʼmol qilgan. Eng ko‘p tarqalgani kannabis va dorivor vositalarning noqonuniy isteʼmoli hisoblanadi. Markaziy Osiyoda aholining qariyb 60% 30 yoshdan kichik ekanligini hisobga olganda, profilaktika va sog‘lom turmush tarzini shakllantirish masalasi milliy xavfsizlik darajasiga ko‘tarilgan.
Giyohvandlik tahdidi faqat inson salomatligiga emas, balki iqtisod, ijtimoiy barqarorlik va ekologiyaga ham zarba bermoqda. Mutaxassislar baholashicha, transmilliy jinoiy guruhlar daromadining 80% yaqini giyohvandlik vositalar savdosidan shakllanadi. Bu ulkan mablag‘lar korrupsiyani, terrorizmni va odam savdosini moliyalashtirib, butun mintaqalarni beqarorlashtirmoqda.
Biroq davlatlar ko‘radigan yo‘qotishlar faqat iqtisodiy emas. Har bir doza bu vayron bo‘lgan taqdir, buzilgan oila, nobut kelajak demakdir. Giyohvandlik mehnat unumdorligini pasaytiradi, ishsizlikni oshiradi va sog‘liqni saqlash hamda huquqni muhofaza qilish tizimlariga katta bosim yuklaydi. Davlatlar milliardlab mablag‘ sarflagan holda ham har doim ijobiy natijaga erisha olmaydi.
Ekologik oqibatlar ham o‘ta xavfli. Sintetik moddalar ishlab chiqarilishi jarayonida tonnalab kimyoviy chiqindilar yer va suv tizimlariga chiqariladi. Bir kilogramm metamfetamin ishlab chiqarish natijasida taxminan 30 kilogramm zaharli kimyoviy chiqindi qoladi. Bu moddalar ekotizimlarni zaharlaydi, flora va faunaga zarar yetkazadi, ayrim hududlarda ichimlik suvi manbalari ifloslanmoqda.
Giyohvandlik – faqat shaxsiy muammo emas. U jamiyat sog‘lig‘ini yemiradi, oilaning asosini buzadi, yoshlarni maʼnaviy inqirozga olib keladi va jinoyat hamda qaramlikning yopiq aylanasiga aylantiradi. Uning tarqalishi jamiyatga qarshi sukunatdagi urush bo‘lib, unda g‘oliblar yo‘q – hamma yutquzadi.
Afg‘oniston omili hanuz hal qiluvchi ahamiyatga ega. Hatto opiy ishlab chiqarish qisqarganiga qaramay, mamlakat narkobiznesning markazi bo‘lib qolmoqda, faqat yo‘nalishini o‘zgartirgan. Sintetik moddalarning o‘sishi va yashirin laboratoriyalar ko‘payishi narkotrafik yo‘nalishlarini tubdan o‘zgartirdi. Markaziy Osiyo mintaqaviy axborot-muvofiqlashtirish markazi maʼlumotlariga ko‘ra, 2024 yilda mintaqada 380 ta yashirin narkolaboratoriya aniqlangan bo‘lib, bu o‘tgan yilga nisbatan qariyb 20% ko‘p.
Bu raqamlar narkotahdidning transmilliy xususiyat kasb etganini yaqqol ko‘rsatadi. Unga qarshi kurashish faqat ayrim tadbirlar bilan emas, balki tizimli yondashuv bilan amalga oshirilishi lozim. Bu esa axborot almashinuvini kuchaytirish, chegaralarni mustahkamlash, prekursorlar yetkazib berishni cheklash va yashirin laboratoriyalarni bartaraf etishni talab qiladi.
Hozirgi narkovaziyat bu mahalliy muammo emas, balki butun insoniyat oldidagi global chaqiriqdir. BMT NJB xalqaro hamkorlikni mustahkamlash, qonunchilikni uyg‘unlashtirish va yangi psixofaol moddalarni erta aniqlash tizimlarini yaratish zarurligini taʼkidlamoqda.
Faqat davlatlar, xalqaro tashkilotlar va fuqarolik jamiyatining birlashgan saʼy-harakatlari bu yangi tahdid to‘lqinini to‘xtata oladi.
Insoniyat yangi “narkoasr” ostonasida turibdi. Har bir sintetik zarra butun jamiyat uchun halokatli qurolga aylanishi mumkin. Agar jahon hamjamiyati bugun birlashmasa, ertaga bu ko‘rinmas front eng vayronkor urushga aylanishi mumkin.
Faqat birgalikdagi harakat, hamjihatlik va qatʼiyat dunyo xalqlarining sog‘ligini, iqtisodiy barqarorligini va yosh avlodning kelajagini himoya qilishi mumkin.
Muallif: Alixanov Shoxrux Mirzo,
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi
Narkotiklarni nazorat qilish milliy markazi Bosh ilmiy xodimi.


