Sirdaryo viloyatida qalbaki 150 ming AQSh dollarining muomalaga kiritilishi oldi olindi. Davlat xavfsizlik xizmatining viloyat boshqarmasi xodimlari Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti bilan hamkorlikda o‘tkazgan tezkor tadbirda Oqoltin tumanida yashovchi 1998-yilda tug‘ilgan fuqaro qo‘lga olingan. U qalbaki pullarni “shartli xaridor”ga haqiqiy 30 ming dollar evaziga sotayotganida ashyoviy dalillar bilan ushlangan. Bu haqda Zamon.uz ga DXX xabar berdi.
Ma’lum bo‘lishicha, ushbu shaxs avval ham jinoyat sodir etgani uchun javobgarlikka tortilgan. 2024-yil dekabrida Jinoyat ishlari bo‘yicha Yangiеr shahar sudi uni firibgarlik va qalbaki pul muomalasi bilan shug‘ullanganlikda aybdor deb topib, 1 yil 10 oy muddatga ozodlikni cheklash jazosi tayinlagan edi.
Tergovga qadar tekshiruv jarayonida, qo‘lga olingan fuqaro qalbaki pullarni Qozog‘istondan kontrabanda yo‘li bilan olib kirilgan kupyuralarni Toshkent viloyati, Chirchiq shahrida yashovchi boshqa shaxsdan olgani aniqlangan.
Mazkur holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 176-moddasi 3-qismi “a” bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi. Shaxsga nisbatan qamoq ehtiyot chorasi qo‘llanilgan bo‘lib, hozirda uning jinoiy sheriklarini aniqlash bo‘yicha tergov harakatlari olib borilmoqda.


