Ijtimoiy tarmoqlarda “Hududiy elektr tarmoqlari” AJ Sirdaryo hududiy filiali xodimi vafot etgani haqidagi xabarlar tarqalishi ortidan korxona rasmiy munosabat bildirdi. Mazkur xabarlarga aniqlik kiritish maqsadida jamoatchilikka rasmiy ma’lumot berdi.
Qayd etilishicha, 2025-yil 29-dekabr kuni Sirdaryo tumani Adolat mahallasi hududida sodir bo‘lgan baxtsiz hodisa oqibatida vafot etgan fuqaro “Hududiy elektr tarmoqlari” AJ Sirdaryo hududiy filiali tizimida ishlamagan va korxona xodimi hisoblanmaydi.
Dastlabki o‘rganishlar natijalariga ko‘ra, hodisa xavfsizlik texnikasi qoidalariga rioya qilinmagani hamda yaroqsiz himoya vositalaridan foydalanilgani sababli yuzaga kelgan. Mazkur holat bo‘yicha hozirda tegishli mutasaddi tashkilotlar tomonidan belgilangan tartibda surishtiruv ishlari olib borilmoqda.
Shu munosabat bilan, “Hududiy elektr tarmoqlari” AJ Sirdaryo hududiy filiali matbuot xizmati fuqarolarni faqat rasmiy manbalarga tayanishga, tekshirilmagan va asossiz ma’lumotlarni tarqatmaslikka chaqirdi.


