Sirdaryoda ikki nafar IIB podpolkovnigi va mayori pora bilan ushlandi

Ular o‘g‘rilik ishini “hal qilib berish” uchun 55 mln so‘m talab qilgan.

Sirdaryoda ikki nafar IIB podpolkovnigi va mayori pora bilan ushlandi

 

Xovos tumani IIBning ikki nafar tezkor xodimi pora olayotganda ushlandi. Bu haqda DXXning Sirdaryo viloyati bo‘yicha boshqarmasi xabar berdi.

 

Ma’lum qilinishicha, joriy yil oktabr oyida Xovos tumanidagi bog‘dorchilikka ixtisoslashgan MChJ yer maydonidan polietilen mahsulotlari o‘g‘irlanganligi haqida IIBga murojaat kelib tushgan. Ushbu murojaat yuzasidan tezkor surishtiruv olib borgan podpolkovnik va mayor unvonidagi ikki nafar katta tezkor xodim o‘g‘rilikda gumon qilingan to‘rt fuqaroni majburan bo‘limga olib kelgan.

 

Rasmiy ma’lumotga ko‘ra, xodimlar gumonlanuvchilarni qamoqqa olish bilan qo‘rqitib, jinoyat ishini “hal qilib berish” uchun 55 million so‘m talab qilgan. Keyinchalik ulardan 24 million so‘mni “zararni qoplash” nomi ostida olgani aniqlangan.

 

Shuningdek, xodimlar jinoyat ishi qo‘zg‘atmaslik, qamoq ehtiyot chorasi qo‘llamaslik va hujjatlarni ma’muriy ish sifatida rasmiylashtirib sudga yuborish evaziga qo‘shimcha 11 million so‘m talab qilgan.

 

DXX, viloyat prokuraturasi va IIV Shaxsiy xavfsizlik bosh boshqarmasi hamkorligida o‘tkazilgan tezkor tadbirda mazkur tezkor xodimlar 11 million so‘mni olayotgan vaqtida qo‘lga olingan.

 

Hodisa yuzasidan Jinoyat kodeksining 210-moddasi (pora olish) 2-qismi “v” va “g” bandlari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi va ularga nisbatan qamoq ehtiyot chorasi qo‘llandi. Tergov harakatlari davom etmoqda.

Kategoriyalar

Bog'lanish uchun

+998 (71) 207-21-28

Elektron manzil

info@zamon.uz

Shahodatnoma

№1346 Berilgan sana: 28.05.2020

Asoschisi

ООО Master Media Production and Broadcast

Tahririyat manzili

Toshkent sh., Amir Temur shoh ko'chasi, 53 uy

Яндекс.Метрика