Odatda fohishaxona tashkil etish yoki saqlash jinoyatini ayollar sodir etishadi. Ammo bu toifadagi jinoyatni ERKAKlar ham sodir etayotgani kishini o‘yga toltiradi.
Yangiyer shahrida yashovchi fuqaro I.l. bu yil 45 yoshni qoraladi. U bundan avval ham jinoyat sodir etib, maʼlum muddatga ozodlikdan mahrum etilgan. Birgina xato uni ko‘p narsalardan mosuvo etdi. Guldek umrini panjara ortiga berkitdi. Biroq u bu qilmishidan to‘g‘ri xulosa chiqarmadi. I.l. halol yo‘l bilan pul topish o‘rniga, mo‘may daromadning jirkanch yo‘lini o‘ylab topadi va uyida fohishaxona tashkil etadi.
To‘g‘ri, avvaliga “mijoz”lari uncha ko‘p emasdi. Biroq vaqt o‘tgan sayin ayni xilvat go‘shaning daragi hammayoqqa ovoza bo‘lib ketadi.
Joriy yilning yoz oylarida uning ish joyi hisoblangan Yangiyer shahrida joylashgan avtomobillarga texnik xizmat ko‘rsatish shoxobchasida 25 ming so‘mlik bir dona aroq va 10 ming so‘mlik pivo evaziga bir biriga notanish erkak va ayolni jinsiy aloqa qilishi uchun sharoit yaratib berayotgan vaqtida Yangiyer shahar IIB xodimlari tomonidan jinoyat ustida qo‘lga olingan. Surishtiruvlar davomida u haqiqatdan ham fohishaxona tashkil etgani aniqlangan.
Ushbu jinoyat ishi sudda ko‘rib chiqilib, sud fohisha erkakka JKning 131-moddasi 2-qismi bilan 2 yil muddatga ozodlikni cheklash jazosi tayinlandi.
Bahriniso Madumarova


