Farg‘ona viloyatining Buvayda tumanida boshqa viloyatga sotish maqsadida avtomashinada olib ketilayotgan isteʼmolga yaroqsiz go‘sht mahsulotlari to‘xtatib qolindi. Bu haqda Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti xabar bermoqda.
Buvayda tumani “Dodxo” MFY hududida X.A.ning boshqaruvidagi Nexia rusumli avtotransport vositasi to‘xtatib ko‘zdan kechirilgan. Aniqlanishicha, fuqaro avtomashina yukxonasida hech qanday hujjatlarsiz jami 206 kg isteʼmolchilarning hayoti va sog‘lig‘i xavfsizligi talablariga javob bermaydigan qoramol go‘shtini Qo‘qon shahrida o‘tkazish maqsadida olib ketayotgan bo‘lgan.
Holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 186-moddasi (xavfsizlik talablariga javob bermaydigan tovarlarni o‘tkazish maqsadini ko‘zlab ishlab chiqarish, saqlash, tashish yoxud o‘tkazish, ishlar bajarish yoki xizmatlar ko‘rsatish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari o‘tkazilmoqda.


