1950 yilda Usmon Yusupov Oʻzbekiston Kompartiyasi MK birinchi kotibi lavozimidan ozod qilinib, SSSR Paxtachilik vaziri etib tayinlanadi. Kompartiya MKga birinchi kotib saylanmay turadi. MKga kotiblardan biri rahbarlik qilib turadi. Bu masʼuliyat (1950 yil aprel–1950 yil avgust) Siroj Nuriddinov zimmasiga tushadi. 1950 yil avgustida Oʻzbekiston KP MK birinchi kotibi etib Amin Irmatovich Niyozov saylanadi.
Siroj Nuriddinov 1959 yil 24 martdan 1970 yil 25 sentyabrgacha Oʻzbekiston Oliy Soveti Prezidiumi raisi, 1970–74 yillarda SSSR Oliy Soveti Millatlar Kengashi raisi boʻlib ishlagan Yodgor Sodiqovna Nasriddinovaning turmush oʻrtogʻi ekanini kamdan kam odam bilsa kerak.
Bu haqda Yodgor Nasriddinovaning xotiralariga tayanylisa, 1946 yil mart oyida Toshkent viloyat komsomoli birinchi kotibi boʻlgan Nasriddinovani Oʻzbekiston rahbari Usmon Yusupov chaqirib oladi-da: «Yodgor, turmushga chiqish haqida oʻylab koʻrish vaqti keldi», deydi. Usmon Yusupov Siroj Nuriddinov haqida gapirar ekan, uning birinchi xotini boʻlganini, ammo urush tufayli bu xotin eriga xiyonat qilib KP MK ishlar boshqaruvchisi bilan turmush qurganini, Nuriddinovdan boʻlgan bolalariga qaramayotganini aytadi. Usmon Yusupovning gapini yerda qoldirmagan Yodgor Nasriddinova Siroj Nuriddinovga turmushga chiqib, uning ikki farzandiga onalik qiladi.
Siroj Nuriddinovning katta qizi Lola Rustamovaning aytishicha, haqiqatan ham onasi (Oxunboboyevning ikkinchi qizi Xayri – Sh.T izohi) farzandlarini tashlab, boshqa turmush qurgan. Bu turmushdan bir qiz va bir oʻgʻil koʻrgan. Qizi erta vafot etgan.
Siroj Nuriddinov 1911 yil Toshkentda tugʻilgan. Ish faoliyatini Toshkentdagi zavodda tokar boʻlib boshlagan va 1937 yilgacha ishlagan. 1937 yilda Oʻzbekiston LKSM MK sanoat boʻlimi instruktori. 1937–38 yillarda LKSM MK birinchi kotibi. 1938–40 yillarda mansabi tushiriladi va komsomolning Toshkent viloyati va shahar qoʻmitalariga birinchi kotib boʻladi. 1940–41 yillarda Moskvadagi Kaganovich nomli Sanoat akademiyasi talabasi boʻladi. 1941 yilda Toshkent obkomi sanoat, transport va aloqa boʻlimi mudiri, Qorasuv raykomi birinchi kotibi. 1941–42 yillarda – Belebey shahridagi Qizil Armiya siyosiy tarkibini takomillashtirish Oliy kursi kursanti. 1942 yilda Toshkent obkomining sanoat boʻyicha kotibi. 1942–43 yillarda Gʻarbiy front qurilish brigadasi 90 boʻlimi siyosiy boʻlim boshligʻi – voenkom, komandir oʻrinbosari. 1943–44 yillarda Janubiy–Gʻarbiy–3–Ukraina fronti Siyosiy boshqarmasi agitatori. 1944–45 yillarda 5–koʻprik–ponton brigadasi komandirining siyosiy masalalar boʻyicha oʻrinbosari. 1945–47 yillarda VKP(b) Toshkent partiya qoʻmitasi 2–kotibi. 1947–49 yillarda Toshkent viloyat qoʻmitasi 1–kotibi. 1949 yilda Kasaba uyushmalari Respublika soveti raisi. 1950–53 yillarda Oliy partiya maktabi tinglovchisi (Moskva).
1953–54 yillarda Oʻzbekiston KP MK oliy maktabi boʻlim mudiri. 1954–1955 yillarda Namangan viloyat partiya qoʻmitasi birinchi kotibi. 1955–1956 yillarda Toshkent shahar partiya qoʻmitasi birinchi kotibi. 1956–1959 yillarda Toshkent viloyati partiya qoʻmitasi birinchi kotibi. 1959–1964 yillarda Kasaba uyushmalari Respublika Soveti raisi. 3, 4, 5, 6–chaqiriq SSSR Oliy Soveti deputati.
Nima uchun bu insonni deyarli hech kim bilmaydi?
Aytilishicha, Sharof Rashidovning asosiy raqiblaridan boʻlgan ekan (ammo buni isbotlashning imkoni boʻlmadi). Biroq uning Orif Alimov, Rasul Gʻulomov bilan yaqin boʻlgani inobatga olinsa, haqiqatan ham Rashidovga qarshi tomonda boʻlganini taxmin qilish mumkin. Bundan tashqari, Yodgor Nasriddinova rossiyalik muxbirlarga bergan intervyusida Sharof Rashidov bilan oʻzaro sovuqlik boʻlganini koʻp takrorlagan.
Siroj Nuriddinovning qizi Lola Rustamovaning fikricha, Yodgor Nasriddinova bilan Sharof Rashidov oʻrtasida oʻzaro iliq munosabat boʻlgan, bir–birlarini hurmat qilishgan, biroq Yodgor opani KPSS MK ideologiya kotibi Mixail Suslov xush koʻrmagan. Oʻz navbatida Sharof Rashidov M.Suslovning injiqliklariga qarshi borgisi kelmagan boʻlishi mumkin.
17 yil Oʻzbekiston KP MK aʼzosi, MK Byurosi tarkibida boʻlgan Siroj Nuriddinov 1966 yil 9 iyunda vafot etgan. Uning oʻlimiga urushda olgan ogʻir jarohat, birinchi turmushining buzilishi oqibatidagi ruhiy ezilish va nihoyat 1966 yil aprelida yuz bergan Toshkent zilzilasi sabab boʻlgan boʻlishi mumkin (chunki zilzila tufayli koʻplab oʻzbek ziyolilarining bevaqt vafot etganini eslab oʻtish kifoya). Uning dafn marosimida Sharof Rashidov boshchiligida Oʻzbekiston KP MKning barcha aʼzolari ishtirok etgan. 1966 yil 1 avgustida Sharof Rashidov va Rahmonqul Qurbonov imzosi bilan Kompartiya MK va Ministrlar Sovetining “Siroj Nuriddinov xotirasini abadiylashtirish toʻgʻrisida”gi qaror chiqadi. Unga koʻra Toshkentdagi koʻchalardan biri – toʻgʻrirogʻi, Pervaya Pryadilnaya koʻchasining nomi Nuriddinov koʻchasi deb oʻzgartirilishi kerak edi. Bu qaror bajarilganmi yoki yoʻq, bu haqda biror gap aytish qiyin.
Siroj Nuriddinovning farzandlari: qizlari — Lola (1939 yil), Raisa (1942 yil), Zulfiya (1950 yil), oʻgʻli Baxtiyor (1947–1989).
Shu oʻrinda Baxtiyor Nuriddinovning oʻlimi haqida qisqacha toʻxtalib oʻtish lozim koʻrdik. Baxtiyor KPSS MK Bosh kotibi Leonid Brejnevning oʻgʻli Yuriy Brejnev (SSSR tashqi savdo vazirining birinchi oʻrinbosari) bilan birga ishlagan. Ammo qayta qurish boshlanishi bilan unga nisbatan ham siyosiy bosimlar boʻladi. Onasi Yodgor Nasriddinova haqida markaziy nashrlarda eʼlon qilingan tanqidiy maqolalar unga salbiy taʼsir koʻrsatadi. Buning oqibatida insultga chalinadi va 42 yoshida vafot etadi.
Fransuz yigitiga turmushga chiqqan Zulfiya taqdiri nomaʼlum.
Sharofiddin Toʻlaganov


