“Manchester Siti” yarim himoyachisi Kevin De Bryuyneni boshqa klub libosida tasavvur qilish juda qiyin. Chunki, belgiyalik futbolchi 2015-yildan beri Angliyaning top-jamoasida o‘ynab kelmoqda. Kevinning amaldagi shartnomasi 2025-yilning yozida tugaydi va tomonlar uni uzaytirish borasida hali bir qarorga kelmagan. Yarim himoyachi keyingi mavsumni qayerda o'tkazishi hali aniq emas.
De Bryuyne yangi shartnoma borasidagi muzokaralarni mavsum boshida keyinga qoldirgandi. Bunga jarohat sabab bo'lgan. Dastlab zararsizdek tuyulgan jarohat futbolchini ikki oyga safdan chiqardi. MLSning "San-Diego" klubi futbolchiga qiziqish bildirgan. Manbaga ko'ra, yarim himoyachining atrofidagilar Amerika jamoasi vakillari bilan ham suhbatlashgan. Biroq manba futbolchining "San-Diego"ga o'tishi haqidagi har qanday ma'lumot haqiqatga to'g'ri kelmasligi ta'kidlandi. O'tgan mavsum oxirida futbolchiga "Al-Hilol", "Inter Mayami" va "Los-Anjeles Gelaksi" klublari ham qiziqish bildirgan.
De Bryuyne o'tgan yozda Belgiyaning HLN nashriga bergan intervyusida shunday degan edi: "Albatta, Saudiya Arabistoniga ko'chib o'tish variantini istisno qilmayman. Mening yoshimda siz barcha variantlarni ko'rib chiqishingizga to'g'ri keladi. Bundan tashqari, biz aql bovar qilmaydigan pul haqida gapiryapmiz. Ikki yildan so'ng Yevropada 15 yil o'ynab topgan pulimni ishlash imkoniyati paydo bo'lganida qarshi fikr bildirish qanchalik to'g'ri bo'ladi".
De Bryuyne deyarli 10 yil davomida Premyer-ligada porladi. U haqli ravishda o'z davrining eng yorqin futbolchilaridan biri hisoblanadi. De Bryuyne joriy mavsumda jarohat tufayli ikki oyni o'tkazib yubordi. Belgiyalik futbolchi maydonga qaytgach, dastlab uchrashuvlar oxirida bir necha marta almashtirildi. Yanvar oyida Kevin Premyer-ligada yaxshi o'ynadi - uchta o'yin, to'rtta golli uzatma.
Yil boshida "Manchester Siti" bosh murabbiyi Pep Gvardiola Kevinning mavsum ikkinchi yarmidagi o'yini yangi shartnoma borasidagi vaziyatga oydinlik kiritishiga shama qilgan edi. "De Bryuyne bilan shartnomani uzaytirish mening ishim emas. Oxirgi bir yarim yil ichida u boshqa futbolchilar kabi muammolarga duch keldi. Ammo Kevin barqaror va sog'lom bo'lsa, u biz uchun juda muhim futbolchi".
Aytgancha, aynan shu so'zlardan so'ng yarim himoyachi Premyer-liganing uchta uchrashuvida to'rtta muvaffaqiyatli uzatmani amalga oshirdi. Ko'rinishidan, "Siti" rahbariyatini ikki narsa o'ylantirmoqda. Birinchisi - yosh. De Bryuyne 33 yoshda (yozda 34 yoshga to'ladi). Kevin esa bu yoshda foydali o'yinchi bo'lishga qodir ekanligini isbotlashi kerak. Ikkinchi nuqta - jarohatlar. So'nggi bir yarim yil ichida belgiyalik futbolchi ko'plab o'yinlarni o'tkazib yubordi. Hech kim o'ynashdan ko'ra davolanish uchun ko'proq vaqt sarflaydigan futbolchiga pul to'lashni istamaydi.
"Manchester Evening News" ingliz klubi futbolchi bilan shartnomani uzaytirishi kerakligiga ishonch bildirmoqda. "Shaharliklarning o'yini, iste'dodlar ko'p bo'lishiga qaramay, De Bryuynega bog'liq. Chunki, u hali ham jahon darajasidagi o'yinchi hisoblanadi. U 90 daqiqada o'rtacha ko'rsatkichlar bo'yicha yaxshi statistikaga ega. Kevinning o'zi muzokaralar boshlanishidan oldin munosib darajaga qaytishni xohlashini aytdi. Ko'rinib turibdiki, u allaqachon tuzalib ketgan, buni hozirgi formasi ham ko'rsatib turibdi. De Bryuyne "Manchester Siti" uchun juda muhim futbolchi, shuning uchun klub uning maoshi uchun munosib miqdorni to'lashga doim tayyor. Bunday vaziyatda moliyaviy va jismoniy muammolar ikkinchi o'rinda turadi.
Kevinning o'zi "Manchester Siti" bilan hali muzokara o'tkazmaganini ta'kidladi: "Men hali klub bilan gaplashmadim. Formaga kirishni xohlardim. Kelajakda nima bo'lishini vaqt ko'rsatadi".
Mavsum tugashiga to'rt oy bor va tomonlar hali tayinli muzokaralar olib borishmagan. "Atletik" nashrining ta'kidlashicha, De Bryuyne vakillari "San-Diego" bilan bir necha oydan beri aloqada bo'lib turishibdi. Agar Kevin "Siti"da qolmasa, u boshqa jamoa topishiga to'g'ri keladi. Ochig'i, De Bryuyne "Siti" bilan yangi shartnoma imzolaydimi yoki yo'qmi, hozircha hech qanday ma'lumot yo'q. Futbolchining jamoa tarkibida so'nggi oylarini kuzatayotgan bo'lishimiz ham mumkin.


