2021 yil avgustida chet elga chiqib ketgan Afg‘oniston sobiq hukumati amaldorlari shohona hayot kechirmoqda. Bu haqda The Wall Street Journal xabar berdi.
Ularning ayrimlari BAA va Turkiyaning qimmat tumanlarida yashamoqda. Xususan, sobiq prezident Ashraf G‘ani dastlab Abu-Dabidagi St. Regis mehmonxonasi, uning rafiqasi esa doimiy yashash uchun xususiy villani tanlagan. BAA vakilining WSJ‘ga bergan maʼlumotiga ko‘ra, G‘ani va uning oilasi “gumanitar sabablarga” ko‘ra mamlakatga kiritilgan.
Xorijga qochganlarning ko‘pchiligi “Tolibon” tomonidan tazyiq o‘tkazilishidan qo‘rqib Afg‘onistondan chiqib ketgan. Ammo ayrim amaldorlar, xususan, sobiq prezident Hamid Karzay va sobiq vitse-prezident Abdulla Abdulla Kobulda qolgan va toliblar tomonidan deyarli bosimga uchramayapti.
Ammo qochib ketganlar orasida o‘ta dabdabali hayot kechirayotganlar bor. Xususan, G‘anining milliy xavfsizlik masalasi bo‘yicha maslahatchisi bo‘lib ishlagan Hamidulla Mohib Buyuk Britaniya fuqarosi hisoblanadi, uning rafiqasi esa aqsh fuqarosi. U avgustda rafiqasi homilador bo‘lganini va shu sababli Abu-Dabidagi Shangri-La mehmonxonasiga kelganini qayd etgan. Keyinroq ular Floridadagi uyga ko‘chib o‘tgan. Ushbu villa Mohibning qaynonasi nomiga rasmiylashtirilgan. Uning o‘zi hech qanday mulkka ega emasligini aytgan.
G‘anining yana bir tarafdori va sobiq moliya vaziri bo‘lgan Eklil Hakimiy Kaliforniyada o‘ndan ortiq ko‘chmas mulkka egalik qilishi aniqlangan. ularning umumiy miqdori 10 million dollardan ortiqqa baholangan.
Respublika tuzumining eng so‘nggi moliya vaziri Xolid Poyanda Vashington yaqinidagi ikki uyga egalik qiladi. Ulardan biri naqd pulga sotib olingan. uylarning umumiy miqdori 1 million dollarga teng.
Sobiq iqtisodiyot vaziri Mustafo Mansurning Dubayda yaxtalar to‘xtash joyi yaqinida kvartirasi borligi aniqlandi.
Avvalroq Afg‘oniston aholisining 55 foizi ochlikdan aziyat chekayotgani to‘g‘risida xabar berilgandi.


