Fuqarolardan kelib tushayotgan ko‘plab murojaatlar, tushunmovchiliklar va savollar fonida Sog‘liqni saqlash vazirligi elektron retsept tizimini joriy etish tartibi yuzasidan batafsil tushuntirish berdi. Shuningdek, birinchi marotaba retseptsiz beriladigan dori vositalarining to‘liq va ochiq ro‘yxati taqdim etildi.
Vazirlikka ko‘ra, “Elektron retsept” tizimini joriy etishning asosiy vazifasi — dori vositalarini retseptlash jarayonini soddalashtirish, o‘z-o‘zini davolash bilan bog‘liq xavflarni kamaytirish, sifatsiz va qalbaki dorilarning aylanmasini nazorat qilishdir. Shuningdek, yangi tizim orqali davolash jarayonida xatolarni minimallashtirish va bemor xavfsizligini oshirish ko‘zda tutilgan.
Vazirlik retseptsiz sotiladigan dorilar ro‘yxati keng ekanini ta’kidlab, barcha yoshdagi bemorlar zarur dorilarni hech qanday qiyinchiliksiz xarid qilishi mumkinligini ma’lum qildi.
Tartib bo‘yicha chalkashliklarni bartaraf etish maqsadida Sog‘liqni saqlash vazirligi retseptsiz sotishga ruxsat etilgan dorilarning to‘liq va yangilangan ro‘yxatini e’lon qildi. Ro‘yxat kengaytirilgan jadval ko‘rinishida berilib, unda savdo nomlari, ishlab chiqaruvchilar, dozalar va farmakoterapevtik guruhlar ko‘rsatib o‘tilgan.
Ro‘yxat quyidagi asosiy guruhlarni o‘z ichiga oladi:
Antipiretik va og‘riq qoldiruvchi vositalar (NYAQV): isitmani tushiruvchi va og‘riqni kamaytiruvchi keng tarqalgan preparatlar.
Antihistaminiklar: Suprastin, Diazolin, loratadin va boshqa allergiyaga qarshi vositalar.
Shamollash va nafas yo‘llari uchun preparatlar: turli siroplar, spreylar, tomchilar va kombinatsiyalangan dorilar.
Boshqa zarur vositalar: antiseptiklar, ovqat hazm qilish vositalari, faollashtirilgan ko‘mir va o‘xshash preparatlar.
Vazirlik mazkur ro‘yxat dorilar yangidan ro‘yxatga olinishi bilan muntazam yangilanib borilishini ma’lum qildi.
Elektron retsept tizimi hozirda Toshkent shahri va respublikaning 15 ta tumanida sinov tariqasida joriy etilgan. 2026-yil oxiriga qadar tizim butun mamlakat bo‘ylab bosqichma-bosqich tatbiq etilishi rejalashtirilgan.
Vazir boshchiligida tashkil etilgan ishchi guruh tizimdagi muammolarni tezkor bartaraf etish va fuqarolarning murojaatlarini o‘rganish bilan shug‘ullanadi. Sinov hududlaridagi dorixonalarda maxsus Telegram boti — @ssv_pilotbot ishga tushirilgan bo‘lib, fuqarolarning savollari ustuvor tartibda ko‘rib chiqiladi.
Sog‘liqni saqlash vazirligi elektron tizimni joriy etish jarayoni va dori vositalari muomalasidagi barcha o‘zgarishlar bo‘yicha jamoatchilikni muntazam ravishda xabardor qilib borishini bildirdi.


