Ular avgust oyida o‘qishni viloyatlardan Toshkent shahridagi SSV tasarrufida bo‘lgan tibbiyot oliygohlariga ko‘chirish uchun ariza bilan murojaat qilgan edi. Lekin oradan salkam ikki oy muddat o‘tsa-da, natijalar eʼlon qilingani yo‘q.
Belgilangan nizom qoidalariga ko‘ra, o‘qishni ko‘chirish arizasi natijalari 20-25 avgust sanasiga qadar eʼlon qilinishi zarur edi.
Murojaatchilar orasida vazirlikka bir necha bor kelib, masʼullar bilan bog‘lanishga uringanlar ham bor.
6-oktabr sanasidagi oxirgi murojaatdan so‘ng natijalar bosqichma-bosqich eʼlon qilina boshlagan. Lekin bu mavjud muammoga barham bera olmadi. Natijalarini olgan talabalarda bazaviy yoki tabaqalashtirilgan kontrakt asosida tahsil olish bilan bog‘liq yangi muammo paydo bo‘ldi.
Mutasaddilar ularga mos va turdosh yo‘nalish bo‘yicha ko‘chirayotganliklariga qaramay, o‘qishni superkontrakt asosida davom ettirishini aytmoqda. Faqat o‘zi yoki ota-onasi Toshkent shahrida doimiy istiqomat qiladigan, ota-onasining ish faoliyati shahar hududida bo‘lgan va turmush qurgach, turmush o‘rtog‘i Toshkent shahrida muqim istiqomat qilgani uchun o‘qishni ko‘chirgan talabalargina bazaviy miqdordagi kontrakt asosida o‘qishi mumkinligi aytilgan.
Toshkent viloyatida yashovchi va respublikaning chekka hududlaridagi tibbiyot oliygohi talabasi bo‘lgan shaxslar Toshkent shahriga o‘qishlarini ko‘chirsa, superkontrakt asosida qabul qilinishi belgilangan.
Shuningdek, ariza bergan talabalar orasida davlat granti asosida tahsil oluvchi talabalar ham bor.
Prezidentning “2021/2022 o‘quv yilida O‘zbekiston Respublikasining oliy taʼlim muassasalariga o‘qishga qabul qilishning davlat buyurtmasi parametrlari to‘g‘risida”gi qaroriga ko‘ra, o‘qishini O‘zbekiston Respublikasining bir hududida joylashgan davlat oliy taʼlim muassasasidan boshqa hududidagi davlat oliy taʼlim muassasasiga ko‘chirishda:
a) o‘qishni mos va turdosh taʼlim yo‘nalishlariga ko‘chirishga uzrli sabablar mavjud bo‘lganda ruxsat etiladi. Bunda o‘qishni ko‘chirish so‘ralayotgan hududda mos va turdosh taʼlim yo‘nalishi mavjud bo‘lmagan taqdirda mazkur hududdagi oliy taʼlim muassasasining boshqa taʼlim yo‘nalishiga ko‘chirish mumkin.
b) talabaning respublika bir hududidan ikkinchi hududiga doimiy yashash uchun ko‘chib o‘tishi, turmush o‘rtog‘i yoki ota-onasining mehnat faoliyatini amalga oshirish joyi boshqa hududga o‘zgartirilishi, nikoh tuzgandan keyin turmush o‘rtog‘i doimiy yashaydigan hududga ko‘chib o‘tishi uzrli sabablar etib tan olinadi;
c) talabalarning o‘qishini uzrli sabablar mavjud bo‘lmagan holatlarda, shuningdek, mos va turdosh bo‘lmagan taʼlim yo‘nalishlariga ko‘chirish o‘rnatilgan tartibda tegishli bakalavriat taʼlim yo‘nalishi uchun belgilangan tabaqalashtirilgan to‘lov-kontraktning minimal miqdoriga teng bo‘lgan bir martalik to‘lov asosida amalga oshiriladi (mazkur kichik bandning ikkinchi xatboshisida ko‘rsatilgan holatlar bundan mustasno).
Eng oxiridagi jumla uzrli sabablar bilan o‘qishni mos va turdosh taʼlim yo‘nalishi bo‘yicha ko‘chirgan talabalar bazaviy miqdordagi kontrakt asosida tahsil olishlari kerakligini tasdiqlaydi.
Lekin nizomga qaramay, talabalarning sabablari uzrli deb baholanmayapti va turdosh yo‘nalish ekanidan qatʼiy nazar superkontrakt asosida qabul qilish aytilgan. Bu esa murojaatchilarda norozilik uyg‘otmoqda. Bir oydan buyon murosasiz tortishuvlar davom etyapti.
Maftuna Rejabboyeva tayyorladi.


