Aholiga ko‘rsatilayotgan tibbiy xizmat sifatini oshirish, tibbiy xizmatlarni markazlashtirish va aholini tibbiy sug‘urtalash amaliyotini joriy qilish maqsadida muayyan ishlar amalga oshirildi.
Xususan, 106 ta oilaviy shifokor punkti va poliklinika, 1000 ta mahalla tibbiyot punkti tashkil etildi. Bu orqali 3,5 million aholiga birlamchi tibbiy xizmat yaqinlashtirildi. Ilg‘or xorijiy tajribalar asosida aholining kafolatlangan bepul tibbiy xizmatga bo‘lgan ehtiyoj balansi ishlab chiqildi. “Tibbiyot brigadalari”ga qo‘shimcha 3 600 ta pediatriya hamshirasi va doya shtatlari ajratildi. Oilaviy shifokorlar tomonidan bepul tarqatiladigan dorilar 45 turdan 70 turga yetkazildi.
Shu bilan birga, 820 ta birlamchi tibbiyot muassasasiga tashxis uskunalari yetkazib berildi. Oilaviy poliklinikalarda 19 mingdan ziyod kunduzgi shifo o‘rinlari tashkil etildi. Buning natijasida 740 ming aholiga shifoxonaga bormasdan, mahallaning o‘zida davolanish imkoniyati yaratildi.


