1. Bosh sahifa
  2.  / 
  3. O'zbekiston

Sog‘lom avlod yo‘lida katta qadam: giyohvandlikka qarshi oylik boshlandi

2025-yil davomida huquq-tartibot idoralari tomonidan respublikada giyohvandlik vositalari, psixotrop va kuchli taʼsir qiluvchi moddalar bilan bog‘liq 15 mingdan ortiq jinoyat aniqlangan.

Sog‘lom avlod yo‘lida katta qadam: giyohvandlikka qarshi oylik boshlandi

 

O‘zbekistonda yoshlar orasida giyohvandlik va psixotrop moddalar tarqalishining oldini olishga qaratilgan keng qamrovli tezkor-profilaktik oylik boshlandi. Ushbu tashabbus yoshlarni turli narkotik vositalarning salbiy taʼsiridan himoya qilish, ularda sog‘lom hayot tarziga bo‘lgan munosabatni shakllantirish hamda narkojinoyatchilikka qarshi umummilliy immunitetni kuchaytirishni maqsad qilgan.

 

Bugungi kunda giyohvandlik muammosi nafaqat mamlakatimiz, balki butun mintaqada xavfsizlik va barqarorlikka jiddiy tahdid sifatida namoyon bo‘lmoqda. Ayniqsa, ayrim yoshlarning narkotik moddalar isteʼmoliga yoki narkojinoyatlarga jalb etilishi holatlari profilaktik ishlar samaradorligini oshirishni talab etmoqda.

 

Rasmiy maʼlumotlarga ko‘ra, 2025-yil davomida huquq-tartibot idoralari tomonidan respublikada giyohvandlik vositalari, psixotrop va kuchli taʼsir qiluvchi moddalar bilan bog‘liq 15 mingdan ortiq jinoyat aniqlangan. Tezkor tadbirlar natijasida 3 tonnadan ortiq narkotik moddalarning noqonuniy muomalasiga chek qo‘yilib, ularning isteʼmolga chiqib ketishi oldi olingan.

 

Shu bilan birga, narkotik moddalar ishlab chiqarishga mo‘ljallangan 14 ta yashirin laboratoriya fosh etildi. Achinarlisi, javobgarlikka tortilganlar orasida o‘quvchi va talabalar ham bor.

 

Mazkur muammoga qarshi tizimli kurashni kuchaytirish maqsadida 2025-yilda Prezident farmoni bilan 2025–2026-yillarga mo‘ljallangan milliy dastur qabul qilingan bo‘lib, unda yoshlar bilan ishlashga alohida eʼtibor qaratilgan. Dastur doirasida fevral oyida profilaktik oylik o‘tkazish belgilangan.

 

Oylikka rasmiy start berish maqsadida bugun Toshkent shahrida matbuot anjumani tashkil etildi. Unda Narkotiklar va qurollarni nazorat qilish agentligi, Ichki ishlar vazirligi, taʼlim va sog‘liqni saqlash sohasidagi vazirliklar hamda jamoat tashkilotlari vakillari ishtirok etdi. Anjumanda yoshlar o‘rtasida amalga oshiriladigan profilaktik, targ‘ibot va tushuntirish ishlari rejasi taqdim etildi.

 

Tadbir doirasida ilk bor yangi formatda “Yoshlar forumi” ham o‘tkazildi. Forumda poytaxt mahallalari yoshlar yetakchilari, taʼlim muassasalari vakillari, psixologlar, talabalar va o‘quvchilar ishtirok etdi. Dastur “Badal” nomli qisqa metrajli film premyerasi bilan ochilib, yoshlarga hayotiy saboq beruvchi chiqishlar, taqdimotlar va interaktiv tadbirlar bilan davom etdi.

 

Forum yakunida sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qilish, yoshlarni giyohvandlik va narkojinoyatlardan himoya qilishda jamoatchilik, taʼlim muassasalari va ommaviy axborot vositalari hamkorligini yana-da kuchaytirish muhimligi taʼkidlandi.

 

Mutaxassislar taʼkidlaganidek, mazkur oylik yoshlarda salbiy illatlarga qarshi ongli munosabatni shakllantirish va ularni sog‘lom kelajak sari yo‘naltirishda muhim qadam bo‘ladi.

Kategoriyalar

Bog'lanish uchun

+998 (71) 207-21-28

Elektron manzil

info@zamon.uz

Shahodatnoma

№1346 Berilgan sana: 28.05.2020

Asoschisi

ООО Master Media Production and Broadcast

Tahririyat manzili

Toshkent sh., Amir Temur shoh ko'chasi, 53 uy

Яндекс.Метрика