Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksga kiritilgan o‘zgartirishlarga muvofiq, soliq hisobotlarini belgilangan muddatda taqdim etmaganlik uchun jarimalar sezilarli darajada kamaytirildi. Yangi tartib asosan kichik biznes subyektlarini qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan.
Endilikda soliq hisobotini o‘z vaqtida topshirmagan fuqarolarga BHMning 1 baravari, mansabdor shaxslarga esa 3 baravari miqdorida jarima belgilanadi. Avval bu ko‘rsatkich mos ravishda 3 va 10 baravarni tashkil etgan. Mikrofirma va kichik korxonalar uchun esa jarima BHMning 3 baravari etib belgilandi.
Shuningdek, agar bir kalendar oy davomida bir yoki bir nechta soliq turlari bo‘yicha huquqbuzarlik takror sodir etilsa, barcha kechiktirilgan hisobotlar uchun faqat bitta jarima qo‘llanadi.
Muhim jihati shundaki, soliq hisobotlari belgilangan muddatdan kechikib, biroq 5 ish kunidan oshmagan holda topshirilgan bo‘lsa, umuman jarima undirilmaydi.


