1. Bosh sahifa
  2.  / 
  3. O'zbekiston

Soliqlar va yig‘imlar adolatli bo‘lishi shart

Soliqlarni joriy etishning ilk davrlaridanoq ularni adolatli o‘rnatish masalasiga alohida eʼtibor qaratilib, soliq munosabatlarini samarali amalga oshirishda muhim omil bo‘lib xizmat qilgan.

Soliqlar va yig‘imlar adolatli bo‘lishi shart

 

Insoniyat doimiy tartibda to‘lashga o‘rganib qolgan soliqlarning ham ko‘p yillik rivojlanish tarixi mavjud bo‘lib, soliq munosabatlari dunyoning ilk sivilizatsiyasi davrlaridanoq shakllana boshlagan. Masalan, ilk soliq yig‘imi joriy etilishi tarixi miloddan avvalgi uchinchi ming yillikda qadimgi Misrda shakllangan bo‘lsa, keyinchalik soliq amaliyoti yunon svilizatsiyasida rivojlandi, Markaziy Osiyo hududlarida esa miloddan oldingi birinchi ming yillikning boshlaridayoq ko‘chmanchi urug‘ va qabilalar yer maydonlari, suv, o‘tloqlar uchun o‘zlaridan kuchliroq qabilalarga yer solig‘i, yaʼni o‘lpon to‘lab turgan.

 

Eʼtibor qaratilishi lozim bo‘lgan jihat shundaki, soliqlarni joriy etishning ilk davrlaridanoq ularni adolatli o‘rnatish masalasiga alohida eʼtibor qaratilib, soliq munosabatlarini samarali amalga oshirishda muhim omil bo‘lib xizmat qilgan.

 

Iqtisodiyot nazariyasida soliqlarning samaradorligi va adolatliligi tamoyillarini iqtisodiyot fanining deyarli barcha yirik vakillari qayd etib, soliqqa tortishning adolatliligiga rioya qilish tamoyilini ustuvor deb bilganlar. Bu ikki tamoyil soliqqa tortishning asosiy qarama-qarshiliklaridan birini ifodalab: agar davlat uchun soliqlarning o‘z fiskal funksiyasini bajarishdagi samaradorligi muhimroq bo‘lsa, soliq to‘lovchilar uchun soliq yukining darajasi va uni taqsimlashning adolatliligi muhim hisoblanadi.

 

Aynan nima soliqqa tortilishi kerak: daromadmi yoki xarajatlar? Qanday qilib soliqqa tortiladi: daromadga mutanosib ravishdami, stavkalarning progressiv shkalasi ko‘rinishidami yoki yagona soliq turi bo‘yichami? Kim to‘lashi kerak: korxonami, yollanma ishchilarmi yoki mulk egalarimi? Bular soliqqa tortishning asosiy masalalari bo‘lib, ko‘p jihatdan hozirgi kunda ham dolzarb bo‘lib qolmoqda.

 

Soliq muammolariga oid ilk nazariy qarashlar v.Pettining “Soliqlar va yig‘imlar to‘g‘risida risola” (1662), “Donishmandlarga so‘z” (1664), “Siyosiy arifmetika” (1676) kabi asarlarida berilgan. Asosiy g‘oya davlat g‘aznasiga qanday qilib ko‘proq soliq yig‘ish kerakligi yaʼni soliqlarning fiskal funksiyasi masalasini hal qilish bo‘lib, Petti shunday xulosaga keldiki: buning uchun xalq yetarli darajada boy bo‘lishi kerak, shuning uchun bu boylik qayerdan kelib chiqqanligini va jamiyat aʼzolari o‘rtasida qanday taqsimlangan-ligini aniqlash kerak.

 

Siyosiy iqtisod klassigi A.Smit tomonidan tuzilgan soliqqa tortishning tamoyiliridan biri soliqlarni taqsimlashning bir xilligi bilan bog‘liq bo‘lib, ularning adolatli taqsimlanishidir. Shunday qilib, Smit bir vaqtning o‘zida fuqarolar nima uchun soliq to‘lashi kerakligini va bu soliq tushumlarini qanday maqsadlarda sarflash kerakligini ko‘rsatdi. Bundan tashqari soliqlarning adolatliligi va bir xilligi masalasida Smit to‘g‘ridan-to‘g‘ri boy fuqarolardan yuqoriroq stavkada soliqqa tortilishi kerakligi haqida gapirib, boylarning davlat xarajatlarida nafaqat daromadlariga mutanosib ravishda, balki biroz kattaroq ulushda ishtirok etishlari hech qanday adolatsizlik emas” deb taʼkidladi.

 

Taʼkidlash lozimki, zamonaviy olimlarimiz orasida ham soliqqa tortishda maksimal adolatga intilish soliq tushumlari hajmiga ham, davlatning iqtisodiy tizimining samaradorligiga ham taʼsir qilishi yuzasidan fikrlar mavjud. Soliq adolati va soliq samaradorligi o‘rtasida tanlov masalasi “konseptual tushunishga erishish va amalga oshirishni juda qiyinlashtiradigan muammolarni keltirib chiqaradi” deb ishoniladi.

 

Masalan, amerikalik iqtisodchi J.Stiglis “progressiv soliqqa tortishdan foydalangan holda tengsizlikni kamaytirishga urinish ko‘pincha ishlashga bo‘lgan ishtiyoqni cheklovchi omil sifatida qaraladi va shu bilan samaradorlikning pasayishiga olib keladi”.

 

1970-yillarda amerikalik iqtisodchi A.Laffer ishlab chiqarishni rag‘batlantiruvchi taʼsir sifatida soliq stavkalarini kamaytirishni taklif qildi, bu esa maʼlum vaqtdan keyin soliq tushumlarining oshishiga olib kelishi kerak edi. A.Laffer egri chizig‘i soliq stavkasi darajasini ko‘rsatadi, uning ortishi soliq tushumlarining qisqarishiga, demak, bu soliqning samaradorligining pasayishiga olib keladi. Biroq, mazkur egri chiziq faqat yagona soliq stavkasi bo‘lgan soliq uchun optimalligini aniq ko‘rsatib beradi, shu bilan birga o‘zgaruvchan stavkali soliqni u bilan ifodalash deyarli mumkin emas.

 

Soliq munosabatlarida soliq adolatiga ikki nuqtai nazardan qarash mumkin: Birinchidan, soliq tizimining moddiy maʼnoda adolatliligi - yaʼni soliqqa tortish qoidalarining adolatliligi (soliq solinadigan bazani hisoblash qoidalari, belgilangan stavkalar, imtiyozlar va boshqalar). Misol uchun, hozirda shaxsiy daromad solig‘ining “tekis” shkalasi adolatli yoki yo‘qligi haqidagi bahs juda “mashhur”.

 

Ikkinchidan, protsessual maʼnoda soliq munosabatlarining adolatliligi soliq organlari faoliyati asos bo‘lgan qoidalarning adolatliligidir. Hozir bizni hammadan ko‘proq adolat shu maʼnoda qiziqtirmoqda.

 

So‘nggi yillarda mamlakatimiz soliq tizimida katta islohotlar amalga oshirildi. Prezidentimiz tomonidan ilgari surilgan g‘oya va tashabbuslar asosida mamlakatimizda soliq sohasida ham mutlaqo yangi — adolatli, shaffof va izchil tizim yaratildi. Bundan ko‘zlangan asosiy maqsad — soliqlar yukini kamaytirib, odamlar daromadini oshirish, pirovardida ishlab chiqarishni rivojlantirish va iqtisodiyotning barqarorligini taʼminlashdan iborat. Ushbu maqsadlarga izchil soliq maʼmurchiligini joriy etish orqali erishilyapti.

 

2019 yilning 30 dekabr kuni yangi tahrirdagi Soliq kodeksi qabul qilinib, 120 dan ortiq yangi qoida amaliyotga kiritildi. Soliqlar soni 13 tadan 9 taga, mulk solig‘i stavkasi 5 foizdan 1,5 foizga, qo‘shilgan qiymat solig‘i 20 foizdan 15 foizga tushirildi. Ish haqiga nisbatan soliq yuki qariyb 2 baravar kamaytirildi.

 

Tabiiy ravishda savol tug‘iladi: ko‘rilgan bunday choralardan odamlar, tadbirkorlar va ishlab chiqaruvchilar qanday manfaat ko‘ryapti? Tahlillarga tayanib aytadigan bo‘lsak, keyingi to‘rt yilda soliq tushumlari 4 baravar ko‘payib, qo‘shilgan qiymat solig‘i to‘lovchilar soni 6 mingdan 152 mingtaga yetdi.

 

Eng muhimi, o‘zgarishlarni har bir fuqaro, har bir tadbirkorlik subyekti his qilyapti. Chunki, yaqingacha tadbirkorlarga og‘ir yuk bo‘lib kelgan Pensiya, Maktab va Yo‘l jamg‘armalariga 3,2 foizli yig‘imlar bekor qilindi. Ana shular hisobidan 7 mingga yaqin korxona har yili o‘rtacha 6 trillion so‘m miqdoridagi soliq to‘lashdan ozod bo‘ldi va shuncha mablag‘ o‘zlarida qolyapti.

 

Shuningdek, mol-mulk, daromad va ijtimoiy soliqlar stavkalari 2 barobar kamaytirildi. Buni aniq misollar orqali ifodalaydigan bo‘lsak, transport sohasida soliq yuki — 3 baravar, oziq-ovqat sanoatida — 2 baravar, to‘qimachilik va elektr texnikasi sanoatida esa, 20 foizgacha kamaydi.

 

Yig‘ilayotgan soliq miqdori 2022 yilda 10 trillion so‘mdan oshmoqda. O‘zbekiston soliq tizimida shu paytgacha bunday natija kuzatilmagan.

 

Joriy yilda ham islohotlar uzviy davom ettirilmoqda. Xususan, Soliq kodeksida soliqlarning adolatlilik prinsipi ko‘zda tutilgan. Unga ko‘ra, soliqlar va yig‘imlar kamsitish xususiyatiga ega bo‘lishi hamda ijtimoiy, irqiy, milliy, diniy va boshqa shu kabi mezonlardan kelib chiqqan holda qo‘llanilishi mumkin emasligi, mulkning shakliga, jismoniy shaxslarning fuqaroligiga yoki kapitalning kelib chiqish mamlakatiga qarab farqlangan soliq stavkalarini, soliq imtiyozlarini yoki boshqa afzalliklarni belgilashga yo‘l qo‘yilmasligi hamda fuqarolarning o‘z konstitutsiyaviy huquqlarini amalga oshirishiga to‘sqinlik qiladigan soliqlarni belgilashga yo‘l qo‘yilmasligi belgilangan.

 

Soliq kodeksining 13-moddasida soliq to‘g‘risidagi qonunchilik hujjatlaridagi barcha bartaraf etib bo‘lmaydigan qarama-qarshiliklar va noaniqliklar soliq to‘lovchining foydasiga talqin etiladi bo‘yicha soliq to‘lovchining haqligi prezumpsiyasi prinsipi keltirilgan.

 

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2022 yil 28 yanvardagi Farmoni bilan tasdiqlangan “2022-2026 yillarga mo‘ljallangan Yangi O‘zbekistonning taraqqiyot strategiyasi” mamlakatimizda o‘rta muddatli istiqbolda davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlarini belgilab beruvchi eng muhim dasturiy hujjatda ham 2026 yilga borib tadbirkorlik subyektlariga soliq yuklamasini yalpi ichki mahsulot-ning 27,5 foizidan 25 foizi darajasiga kamaytirish ko‘zda tutilgan.

 

Shu o‘rinda taʼkidlash lozimki, 2023 yilning 3 fevral kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Havo harorati keskin sovib ketishining iqtisodiyotga salbiy taʼsirini kamaytirish uchun tadbirkorlik subyektlarini qo‘llab-quvvatlash chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi 43-sonli qarori bilan yil boshida havo haroratining keskin sovib ketishi oqibatida qiyinchiliklarga duch kelgan tadbirkorlik subyektlarini qo‘llab-quvvatlash va faoliyatini jadal qayta tiklash maqsadida, ularga soliq qarzini bo‘lib-bo‘lib to‘lash, soliq qarziga penya hisoblashni to‘xtatib turish, debitor qarzdorlik uchun xo‘jalik yurituvchi subyektlarga jarimalar qo‘llamaslik, shuningdek, qo‘llanilgan jarimalarni undirmasdan turish, bank kreditlari  muddatini uzaytirish kabi imkoniyatlar taqdim etildi.

 

Mazkur islohotlarning uzviy davomi sifatida Davlat dasturi loyihasida moliyaviy nazorat tizimini yana-da takomillashtirish, nazorat qiluvchi organlar faoliyatini tanqidiy ko‘rib chiqish va masʼuliyatini yana-da oshirishni ko‘zda tutuvchi bir qator normativ-meʼyoriy hujjatlar ishlab chiqilishi belgilangan. Xususan, Adliya vazirligiga Savdo-sanoat palatasi va mutasaddi vazirliklar bilan birgalikda “Tadbirkorlik subyektlarini soliq tekshiruvlaridan o‘tkazish muddatlarining qisqartirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi Qonun loyihasini ishlab chiqish topshirilgan.

 

Konstitutsiyaning 51-moddasiga soliq va yig‘imlar adolatli bo‘lishi va fuqarolarning konstitutsiyaviy huquqlarini amalga oshirishiga to‘sqinlik qilmasligi kerakligini nazarda tutuvchi qo‘shimcha norma kiritildi. Bu nima degani? Bu — davlat soliq va yig‘imlar joriy etayotganda aholi yoki tadbirkor uni to‘lay olishiga qurbi yetishini inobatga olishini anglatadi. Yaʼni, soliq siyosati esa yildan yilga soddalashtiriladi, ortiqcha va mantiqsiz soliqlardan, turli yig‘imlardan voz kechiladi, soliq to‘lovchi uchun manfaatli bo‘lishi taʼminlanadi.

 

Uzoqqa bormaylik, oxirgi yillarda tadbirkorlar to‘laydigan soliq turlari soni qisqartirildi, aholiga, biznesga soliq imtiyozlari qo‘llanildi, ayrim huquqbuzarliklar uchun jarimalar miqdori tushirildi.

 

Konstitutsiyaga kiritilgan yuqoridagi norma esa ana shunday ijobiy o‘zgarishlar izchil va tizimli davom ettirilishi uchun konstitutsiyaviy kafil bo‘ladi.

 

N.Norboyev,

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi

Qonunchilik va huquqiy siyosat instituti masʼul xodimi

Kategoriyalar

Bog'lanish uchun

+998 (71) 207-21-28

Elektron manzil

info@zamon.uz

Shahodatnoma

№1346 Berilgan sana: 28.05.2020

Asoschisi

ООО Master Media Production and Broadcast

Tahririyat manzili

Toshkent sh., Amir Temur shoh ko'chasi, 53 uy

Яндекс.Метрика