1. Bosh sahifa
  2.  / 
  3. Jamiyat

SSV: Qisqa raqamli 1003 call markaziga soʼnggi oʼn kunda qariyb 13 900 ta murojaat kelib tushdi

Pandemiyaning ilk kunlaridanoq jamoatchilikning koronavirus infektsiyasi bilan bogʼliq savollariga oʼz vaqtida javob berish, fuqarolarga tibbiy yoʼl-yoʼriq koʼrsatish tizimi yoʼlga qoʼyilgan edi.

SSV: Qisqa raqamli 1003 call markaziga soʼnggi oʼn kunda qariyb 13 900 ta murojaat kelib tushdi

Bir yil avval ishga tushgan qisqa raqamli 1003 Call-markazi hozirda ham tunu kun faoliyat yuritmoqda.

Oʼtgan yil kasallik avjiga chiqqan vaqtda unda 200 nafardan ortiq professor oʼqituvchilar, tajribali shifokorlar uch smenada uzluksiz fuqarolarning murojaatlarini qabul qilgan edi. Shu yilning may-iyunь oylarida markazda 15 nafar mutaxassis qoʼngʼiroqlarga javob bergan boʼlsa, iyulь va avgust oylarida murojaatlar soni oshgani munosabati bilan ayni paytda 50 nafar mutaxassis navbatma-navbat tunu kun uch smenada xizmat qilmoqda.

Ular orasida tibbiyot fanlari nomzodi va doktorlari, malakali mutaxassislar boʼlib, fuqarolardan tushgan savollarga tibbiy asoslangan javoblar va tavsiyalar berishmoqda. 

Taʼkidlash lozimki, Call-markazga joriy yilning iyunь oyida bir kunda oʼrtacha 200-400 ta murojaat kelib tushgan boʼlsa, iyulь oyida murojaatlar soni kuniga oʼrtacha 1800 tani tashkil qildi.

Shuningdek, joriy yilning avgust oyi boshidan buyon Call-markazga bir kunda oʼrtacha 1700 ta murojaat qabul qilingan boʼlsa, oyning soʼnggi oʼn kunligida murojaatlar soni biroz pasayib, jami 13 880 tani tashkil etdi. Taqqoslash uchun aytsak, oʼtgan iyulь oyining xuddi shu davrida bu raqam 19 187 ta edi.

Eng koʼp berilayotgan savollarga eʼtibor bersak, koronavirus infektsiyasiga qarshi emlanganlik sertifikatini qaerdan va qanday tartibda olish mumkin, Oʼzbekistonda qoʼllanilayotgan vaktsinalarning bir-biridan farqi nimada, hozirgi kunda chet davlatlarga borish uchun emlanish shartmi, yangi oʼquv yilida maktabga boradigan bolalarni “COVID-19”dan qanday himoya qilish mumkin kabi bir qator savollar berilmoqda. 

Shuningdek, yurtimizdagi murakkab pandemik vaziyat tufayli koronavirus kasalligining klinik belgilari bilan bogʼliq savollar hanuz dolzarb boʼlib turibdi.

— Bundan tashqari, soha mutaxassislarining antibiotik va gormonlardan oʼzboshimchalik bilan foydalanish salbiy oqibatlarga olib kelishi mumkinligi haqida olib borgan muntazam targʼibot ishlari sababli, bugungi kunda koronavirusga chalingan koʼplab fuqarolar ushbu dori vositalaridan qachon va qanday paytda foydalanish kerakligi, antibiotiklarning foydali va zararli jihatlari, keksa va yondosh kasalligi bor hamda homilador bemorlar infektsiyadan himoyalanish uchun nimalarga eʼtibor qaratishi lozimligi yuzasidan koʼp murojaat qilishmoqda, — deydi Call-markaz mutaxassisi Feruz TOJIEV. — Аlbatta mutaxassislarimiz har bir fuqaroning murojaatidan kelib chiqib, shunga mos tarzda ularni qoniqtirgan javoblar berishga, zarur hollarda ularni kerakli tibbiyot mutaxassislari, xususan, oilaviy poliklinikadagi shifokorlarga yoʼnaltirishga harakat qilmoqda.

Bir soʼz bilan aytganda, hozirgi murakkab pandemiya davrida 1003 Call-markazi mutaxassislari yurtimiz aholisiga sidqidildan xizmat qilayotir.

Maʼlumot oʼrnida aytish lozimki, bugungi kunda koronavirus infektsiyasi, pnevmoniya yoki ushbu kasalliklarga gumon qilingan va boshqa yuqumli xastaliklar bilan kasallangan bemorlarni davolash maqsadida mamlakatimiz boʼyicha jami 101 ta maxsus shifoxona faoliyat yuritmoqda. 

Kasallik klinik belgilarsiz va yengil kechayotganligi sababli uy sharoitida davolanayotgan bemorlar salomatligi nazorati va davolanishini tashkil etish hamda ularga ambulator hamda bemor uyiga borgan holda xizmat koʼrsatishni tashkil qilish maqsadida 124 ta ixtisoslashtirilgan maxsus poliklinikalar faoliyati yoʼlga qoʼyilgan. Ularda 222 ta “mobil brigadalar” tashkil etilgan.

Kategoriyalar

Bog'lanish uchun

+998 (71) 207-21-28

Elektron manzil

info@zamon.uz

Shahodatnoma

№1346 Berilgan sana: 28.05.2020

Asoschisi

ООО Master Media Production and Broadcast

Tahririyat manzili

Toshkent sh., Amir Temur shoh ko'chasi, 53 uy

Яндекс.Метрика