1. Bosh sahifa
  2.  / 
  3. Jahon

Sudanda ocharchilik chuqurlashmoqda: BMT oziq-ovqat zaxiralari tugayotganidan ogohlantirdi

Hozirda 21 milliondan ortiq sudanlik oziq-ovqat yetishmovchiligidan aziyat chekmoqda.

Sudanda ocharchilik chuqurlashmoqda: BMT oziq-ovqat zaxiralari tugayotganidan ogohlantirdi

 

BMTning Jahon oziq-ovqat dasturi (WFP) Sudanda yuzaga kelgan gumanitar inqiroz tobora chuqurlashib borayotganini maʼlum qildi. Mojaro boshlanganidan buyon agentlik 10 milliondan ortiq aholiga naqd pul va oziq-ovqat yordami ko‘rsatgan. Hozirda WFP har oy o‘rtacha 4 million kishiga, jumladan, ilgari yetib borish qiyin bo‘lgan Darfur va Kordofan hududlari, shuningdek, Xartum va Al-Jazira shtatlarida yordam yetkazishda davom etmoqda. Bu haqda eropean times nashri xabar berdi.

 

Shu bilan birga, favqulodda vaziyatlarga tayyorgarlik va ularga javob berish bo‘yicha direktor Ross Smitning taʼkidlashicha, qiyinchilik bilan erishilgan bu yutuqlar moliyalashtirish yetishmasligi sababli bekor bo‘lish xavfi ostida qolmoqda. Mablag‘lar taqchilligi tufayli Jahon oziq-ovqat dasturi oziq-ovqat ratsionini faqat “tirik qolish uchun zarur bo‘lgan mutlaq minimal daraja”gacha qisqartirishga majbur bo‘lgan.

 

“Sudandagi oziq-ovqat zaxiramiz mart oyi oxiriga kelib tugaydi. Agar qo‘shimcha mablag‘lar zudlik bilan ajratilmasa, kelgusi haftalarda millionlab odamlar hayotni saqlab qolish uchun zarur bo‘lgan yordamsiz qoladi”, — dedi Ross Smit.

 

Maʼlumotlarga ko‘ra, 2023-yil aprel oyidan buyon Sudan qurolli kuchlari (SAF) va Tezkor aralashuv kuchlari (RIF) o‘rtasida davom etayotgan janglar dunyodagi eng yirik ocharchilik va majburiy ko‘chish inqirozlaridan birini keltirib chiqardi. Hozirda mamlakatda 21 milliondan ortiq odam yetarli oziq-ovqatga ega emas. Gumanitar yordam deyarli yetib bormayotgan ayrim hududlarda ocharchilik rasman tasdiqlangan.

 

Qurolli to‘qnashuvlar oqibatida qariyb 12 million kishi o‘z uylarini tark etib, Sudanning boshqa hududlarida yoki qo‘shni davlatlarda boshpana izlashga majbur bo‘lgan. Eng zaif qatlamlar — 3,7 million bola, shuningdek, homilador va emizikli ayollar to‘yib ovqatlanmaslikdan aziyat chekmoqda. So‘nggi tadqiqotlar Shimoliy Darfurning ayrim hududlarida bolalar o‘rtasida to‘yib ovqatlanmaslik darajasi rekord ko‘rsatkichga yetganini, bu holat besh yoshgacha bo‘lgan bolalarning yarmidan ko‘prog‘iga taʼsir qilayotganini ko‘rsatmoqda.

 

Shunga qaramay, Jahon oziq-ovqat dasturi Sudanda faol infratuzilmaga ega bo‘lib, zarur mablag‘lar ajratilgan taqdirda operatsiyalarni kengaytirish va ko‘proq inson hayotini saqlab qolish imkoniyatiga ega ekanini bildirgan. So‘nggi olti oy ichida WFP ocharchilikdan aziyat chekayotgan yoki ocharchilik xavfi ostidagi hududlarda 1,8 million kishiga muntazam yordam ko‘rsatib, to‘qqizta mintaqada vaziyatni barqarorlashtirishga hissa qo‘shdi.

 

“Ming kunlik mojaro ming kunga ham ortiqcha. Janglar davom etayotgan har bir kun bilan oilalar ochlik botqog‘iga yanada chuqurroq botmoqda, butun jamoalar esa halokat yoqasiga kelib qolmoqda”, — dedi Ross Smit. Uning so‘zlariga ko‘ra, vaziyatni o‘zgartirish va ocharchilikning yanada kengayishiga yo‘l qo‘ymaslik mumkin, biroq buning uchun eng zaif oilalarni qo‘llab-quvvatlashga yetarli moliyaviy resurslar zarur.

 

Jahon oziq-ovqat dasturi Sudandagi operatsiyalarni kamida iyun oyigacha davom ettirish uchun shoshilinch ravishda 700 million dollar mablag‘ talab qilinishini maʼlum qildi

Kategoriyalar

Bog'lanish uchun

+998 (71) 207-21-28

Elektron manzil

info@zamon.uz

Shahodatnoma

№1346 Berilgan sana: 28.05.2020

Asoschisi

ООО Master Media Production and Broadcast

Tahririyat manzili

Toshkent sh., Amir Temur shoh ko'chasi, 53 uy

Яндекс.Метрика