2026-yil 13–14-fevral kunlari mehmonxona industriyasi va HoReCa sohasining yirik xalqaro tadbirlaridan biri — VII Hotel Business Forum 2026 muvaffaqiyatli o‘tkazildi.
Forum “Sunʼiy intellekt: turizm va mehmondo‘stlikning yangi yo‘nalishi” mavzusiga bag‘ishlandi hamda O‘zbekiston Mehmonxonalar Uyushmasi tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Turizm qo‘mitasi rasmiy ko‘magida tashkil etildi.

Forum davomida taʼkidlanganidek, xalqaro mehmonxona brendlari O‘zbekiston bozorida o‘z ishtirokini faol ravishda kengaytirmoqda. 2026 yil 1 yanvar holatiga ko‘ra mamlakatda quyidagi global tarmoqlar muvaffaqiyatli faoliyat yuritmoqda:
• InterContinental Hotels Group
• Accor
• Wyndham
• Radisson
• Hilton
• Hyatt
Bu esa mamlakat mehmonxona xizmatlari bozori jadal rivojlanayotganini tasdiqlaydi.
Shuningdek 2025-yil davomida hududlarda 1023 ta joylashtirish obyekti, 136 ta mehmonxona, 528 ta oilaviy mehmon uyi, 298 ta xostel,61 ta boshqa turdagi obyekt foydalanishga topshirildi. Natijada jami joylashtirish obyektlari soni — 6921 taga, umumiy o‘rinlar soni esa 185,6 mingtaga yetdi.
Xususan 2025 yilda O‘zbekistonga 11,6 mln nafar xorijiy sayyoh tashrif buyurdi. Ichki turizm doirasida esa aholi 23,7 mln marta sayohat qildi.

Shuningdek turizm xizmatlari eksporti 4,8 mlrd AQSH dollariga yetib sohada 142,2% o‘sish qayd etildi. Ilk bor aprel–noyabr oylarida har oy mamlakatga 1 mln nafardan ortiq xorijiy sayyoh tashrif buyurdi.
Forum davomida mehmondo‘stlik industriyasi O‘zbekiston iqtisodiyotining drayver tarmoqlaridan biriga aylangani taʼkidlandi.
Jumladan so‘nggi yillarda yurtimizda sohani xalqaro standartlarga moslashtirish, xizmat sifatini oshirish, kadrlar tayyorlash tizimini yangilash, dual taʼlimni joriy etish, raqamlashtirishni kuchaytirish yo‘nalishlarida kompleks ishlar amalga oshirildi.
Shuningdek onlayn ro‘yxatdan o‘tish, elektron hisobot tizimlari, yagona statistik platformalar, zamonaviy bronlashtirish va boshqaruv yechimlar joriy etilmoqda.
Shu bilan birga turistik klasterlar, zamonaviy mehmonxona majmualari, kurort zonalari rivojlantirilmoqda.

Barqaror turizm tamoyillari doirasida esa energiya tejamkor texnologiyalar, ekologik standartlar, mahalliy mahsulotlardan foydalanish keng joriy etilmoqda.
Forum doirasida: xalqaro ekspertlar ishtirokida muhokamalar,AI asosidagi boshqaruv yechimlari, marketing va servis innovatsiyalari B2B muloqotlar o‘tkazildi.
Yakuniy baholash tizimi esa quyidagicha bo‘ldi:
• 50% — xalqaro TrustYou reytingi (mehmonlar fikri)
• 50% — hakamlar hayʼati bahosi asosida shakllantirildi.
Shuningdek, yubiley V Milliy mehmondo‘stlik mukofoti topshirildi.
Hotel Business Forum — bu nafaqat biznes muloqoti, balki: g‘oyalar innovatsiyalar investitsiyalar uchrashgan strategik maydonga aylandi.
Forum davlat va xususiy sektor o‘rtasidagi hamkorlikni yana-da kuchaytirish, yangi loyihalarni ishga tushirish va O‘zbekiston mehmondo‘stlik industriyasini yangi bosqichga olib chiqish uchun muhim platforma bo‘lib xizmat qildi.


