1. Bosh sahifa
  2.  / 
  3. O'zbekiston

Surish kerakmi? Yoki yoshlar nega chetga ketishga buncha ishtiyoqmand?

Nima uchun yoshlar o'zlari biron marta ham borib ko'rmagan mamlakatlar orzusida yashaydi?

Surish kerakmi? Yoki yoshlar nega chetga ketishga buncha ishtiyoqmand?

 

Instagram va Facebook’da bu heshteg ommalashib ketdi. Ko‘pchilik yoshlar o‘zlari biror marta ham bo‘lmagan, faqat internet orqali ma’lumotlarga ega chet davlatlarga borishga qiziqadi? Balki shuning uchun ham hozir Toshkentning har bir burchagida tekinga chet elga o‘qishga jo‘natadigan markazlar, til kurslari to‘lib ketgandir. Bu talabga yarasha taklif, axir. 

 

Mavzu yuzasidan Facebook’dagi ayrim izohlarni keltirib o‘tmoqchimiz.  

 

Aziz Nur:
— Uchta multfilm ko‘rdim. Uchalasida ham qahramon bola baxtini izlab, uydan chiqib ketadi. Oxirida hammasi xazinaga erishib, malikaga uylanadi. Mana yoshlar surish_kerak degan fikrni qayerdan olyapti.

 

Gʻanisher Haqnazarov:
— O‘zi, asli, chet elga chiqib, chet elda karera qilishni zahiriddin Muhammad bobur boshlab bergan. Biz davom ettiryapmiz xolos. 

 

Sardor Og‘a:
— Kema cho‘kyatpi…
Taqdirga tan berishgan…
Xuddiz bizdek…
Harakat qilish kerak… #surish_kerak


Shoxjahon Dexqon:
— Buyurtmalarga ulgira olmayotganimni yagona sababi — INTERNET. Antena chiqadigan joylarni izlab charchadim #surish_kerak shekilli.

 

Islomjon Muhammadjonov: 
— Aytishlaricha, qattidur rahbarlari 15 kunlik oromgohga yo‘llanmalarni ikki og‘iz gapga berayotgan emush… #surish_kerak

 

Manzura Parvoz:
— …o‘qishni tugatgandan keyin magistraturani ham shu yerda o‘qib, oz bo‘lsa-da yangicha g‘oyalar, tashabbuslar bilan faollik qilaman, degan edim. Lekin o‘xshamadi. Endi xorijda o‘qish harakatini qilaveraman. #Surish_kerak…

 

Azizbek Xojamiyorov:
— 185,5 ball bilan kontraktmisan, demak rostan butun Sistema chirigan. Natijani ko‘rish uchun la’nati saytga kirganingda bu sayt ishlamadimi, demak, rostdan butun Sistema chirigan. #surish_kerak

 

Akrom Pardayev:
— Ishga hujjat topshiraman, desam staj so‘raydi. Endi oldimku diplomni. Yoki qolganlar staj bilan tug‘ilganmi…
Bu hayotda adolat izlab, topolmay o‘lib ketaman shekilli…#surish_kerak

 

Tavakkal qilish bugunning yoshlariga xos xislat


Maqsadlarga erishishda bu yagona yo‘ldek. “Zamonaviy” yoshlar buni yaxshi tushunamiz. Maqsad yo‘lidagi qiyinchiliklar esa unchalik ko‘zga ko‘rinmaydigandek. Xuddi biz yangi shaharga ko‘chib boramiz. U yerda bizni quchoq ochib kutib olishadi va ish bilan ta’minlashadigandek.


Nega yoshlar chetga ketishga bunchalar ishtiyoqmand? Asosiy masala ta’lim deyishadi. Keyin esa ish sharoiti. Yoki o‘zga yurtlarda “baxt” bor deb o‘ylashadi. Juda ko‘plar o‘qilgan ma’lumotlar asosida boshqa yerlarda yashash osonroq ekanligiga ishonadi. U yerda mashina sotib olish uchun uzoq vaqt kutmaysiz. Ishingizni hal qilib olish uchun cho‘ntakka Benjamen Franklinni solib eshikma-eshik yurmaysiz. Fikringizni bildirishda to‘siq sezmaydigandeksiz. Maktabda ustozlarning hayotiy hikoyalarini tinglamaysiz. Universitetda formangizga qarab, ko‘cha-ko‘yda esa kiyinishingizga qarab munosabat bildirishmaydi. Yaxshi ish haqi, u yerda hech kim mushugingizni “pisht” demaydi. Sizni hech kim “qara, uyga kech kelyapti”, “buni kiyimini qara” deb ko‘zi bilan kuzatmaydi. Siz boshqa yerlarda qishda issiqda, yozda salqinda yashaysiz. U yerlarda internet “uchadi”. Yaxshi pul topasiz. Pulingiz boshqalarning cho‘ntagiga kirib ketmaydi. U yerda oson o‘qishga kirasiz. Davlat sizni ta’minlaydi. Biz chetni shunday tasavvur qilamiz.

 

Endi yana bir taraf: u yerda sizni qo‘llaydigan hech kim bo‘lmaydi, agar tanishingiz bo‘lmasa. U yerda hech kim sizni bag‘rini ochib kutib olmaydi. Sizga hech kim tayyor ish o‘rnini taklif qilmaydi, agar siz ishingizning mutaxassisi bo‘lmasangiz. U yerda yashay olmaysiz, agar tilini bilmasangiz. U yerning o‘z talablarini qabul qilishingiz kerak. U yerda janjal bo‘lsa ortingizda turadigan odam bo‘lmaydi. Hech kim sizning cho‘ntakingizga buni olib qo‘y deb, pul solib qo‘ymaydi. U yerda o‘qishni bormay ham bitira olmaysiz. Boshida adashasiz, qoqilasiz, aldanasiz. Lekin o‘zingizni qayta tutib olishingiz muhim (bularning barchasi chet elda yashayotgan hamyurtlarimizning ijtimoiy tarmoqlardagi fikrlari).

 

Chetga ketish istagini bildirayotganlarni ko‘pchilik yaratilayotgan imkoniyatlar qadriga yetmayotganlikda ayblaydi. Lekin nega shuncha imkoniyatlar bo‘la turib, biz dunyo bo‘ylab tarqab ketmoqdamiz? Koreya, Rossiya, Turkiya kabi davlatlarda o‘zbeklarni minglab uchratish mumkin.

 

Chetga ketishni orzu qiladiganlarning ko‘pchiligi talabalar qatlami. Menimcha, ularning ilm olishga ishtiyoqi baland. Darsda o‘z oilasining tuzilishi, yoki rector tomonidan stol ustida suv idishi turmasligi haqidagi gaplarni eshitib vaqt o‘tkazish esa bu ishtiyoqni qondira olmayapti.  

 

Mohinur, 20 yosh:
— Men ham surish kerak deydiganlardan biriman. Nega? Sifatli ta’lim va yaxshi ish maqsadida. O‘qish va ish jarayoniga kunlik 24 soatdan 17 soatga yaqin vaqtimni sarf etaman. Ammo darsga sarflanadigan 6 soat vaqtimga rozi bo‘lmasam kerak. Erta tongdan forma kiyilgan kiyilmagani, darsga kelmagan kursdoshlar sabab bu yerda o‘tirganlar uchun o‘tiladigan tarbiyaviy soatlarning biror foydasini topa olmasam kerak. Ishim yaxshi. Ammo sarflayotgan vaqtim va kuchimga yarasha rag‘bat ham yaxshi deb hisoblay olmayman. Kelajagim chindan meni tashvishga soladi. Ertaga oladigan oyligimni ro‘zg‘orga yetkazamizmi yoki mashina olamizmi, degan qiyin tanlov ham turipti. Qiz bolasan, buni qilma, uni qilma, degan qarashlarni ham qabul qila olmayman. Shu sababdan, bir necha yillardan buyon bu ham mening orzuyimga aylanib ulgurgan. Chet elga ketish uchun ajratilgan deyarli har bir grantlarga bosh suqib ko‘raman. Ketish imkonlari yuqori, albatta. 

 


Sanjar 22 yosh:
— Men ilmiy izlanishlar qilishni istayman. Ammo... ilmiy tadqiqot qiladiganlar butun vaqtini shunga sarflab o‘tirishi kerak. Ayrim mamlakatlarda bunday odamga yuqori haq to‘lanadi. Shu sababdan ham ketishni reja qilganman. Maktablarida o‘qituvchilar hurmat qilinmaydigan jamiyatda farzandlarimni o‘qitishni ham istamayman.

 

Barno, 19 yosh:
— Men ham ketishni reja qilganman. Dunyoqarashim, bilimimni oshirish uchun. Lekin, albatta, qaytaman. Chunki bu yerda kamchiliklarni ham bartaraf qilish kerak. Biz ketib qolsak, buni kim amalga oshiradi.


2022 yil 1-yanvar holatiga ko‘ra, Tashqi migratsiyada ko‘chib ketganlar soni 20.1 ming kishini tashkil etadi. Yurtdan chiqib ketayotganlarni, chetga ketaman deb yonayotgan yoshlarni ayblash esa bunga yechim bo‘la olmaydi. Chunki har birining o‘zi haqiqat deb biladigan sabablar bor. Ularni bu fikrdan esa katta zallarda o‘tkaziladigan tadbirlar bilan qaytarib bo‘lmaydi. Aytishadiku: qayerda fidoyilik qadrlansa, shu yerda fido bo‘lishadi. Kelajak deb qaraladigan yoshlar shunchaki surilib ketmasligi kerak.

 

Kategoriyalar

Bog'lanish uchun

+998 (71) 207-21-28

Elektron manzil

info@zamon.uz

Shahodatnoma

№1346 Berilgan sana: 28.05.2020

Asoschisi

ООО Master Media Production and Broadcast

Tahririyat manzili

Toshkent sh., Amir Temur shoh ko'chasi, 53 uy

Яндекс.Метрика