Arab Ligasi davlatlari tashqi ishlar vazirlari Suriyaning 10 yil oldin to‘xtatilgan tashkilotga aʼzoligini tiklashga kelishib oldilar.
Vazirlar 19 may kuni Saudiya Arabistonida bo‘lib o‘tadigan Arab Ligasi sammiti oldidan tashkilotning Qohiradagi qarorgohida bo‘lib o‘tgan maxsus yig‘ilishda ushbu qarorni ovozga qo‘yishdi.
Avvalroq Saudiya Arabistoni Suriyani Arab Ligasiga qaytarish tarafdori bo‘lgan, Qatar esa bu tashabbusning asosiy raqibi bo‘lgani xabar qilingandi. Bu ikki davlat ham ko‘p yillar davomida Suriya prezidenti Bashar Assad kuchlariga qarshi qurolli kurash olib borgan guruhlarni qo‘llab-quvvatlab kelgandi. Biroq Saudiya Arabistoni oxirgi paytlarda Damashq bilan munosabatlarini tiklash ustida ishlamoqda.


