Suriyada prezident Bashar al-Asad hokimiyatdan ag‘darilganidan so‘ng ilk bor parlament saylovlari o‘tkazildi. Ovoz berish jarayoni 5-oktabr kuni bo‘lib o‘tdi, natijalar esa bir necha kun ichida e’lon qilinishi kutilmoqda.
Mamlakatning yangi qonun chiqaruvchi organi — Suriya Xalq kengashi 210 deputatdan iborat bo‘ladi va ular 30 oylik muddatga saylanadi. Ularning uchdan bir qismini amaldagi o‘tish davri prezidenti Ahmad al-Shara tayinlaydi, qolgan a’zolar esa prezident tomonidan belgilangan saylovchilar kollegiyasi asosida tuzilgan mintaqaviy qo‘mitalar orqali aniqlanadi.
Ayni paytda xavfsizlik muammolari sababli As-Suvayda, Xasaka va Raqqa viloyatlarida saylov o‘tkazilmadi. Ushbu hududlar uchun 32 deputatlik o‘rni bo‘sh qoldirilgan.
Saylovlarda 1578 nomzod ishtirok etmoqda, ularning 14 foizi ayollardir. Nomzodlarga “sobiq Asad rejimi tarafdori bo‘lmaslik” va “separatistik harakatlarni qo‘llab-quvvatlamaslik” kabi mezonlar qo‘yilgan.
Prezident Ahmad al-Shara ilgari bergan bayonotida to‘g‘ridan-to‘g‘ri saylovlarni o‘tkazish hali erta ekanini, buning sababi sifatida ichki ko‘chirilganlar va hujjatsiz fuqarolar sonining ko‘pligini keltirgan edi. Shu bois bu galgi saylov bilvosita shaklda — qo‘mitalar va saylov komissiyalari orqali amalga oshirildi.
Saylov jarayoni ayrim suriyaliklar tomonidan tanqid qilinmoqda. Ularning fikricha, bu jarayon to‘liq shaffof emas va hukumat nazorati ostida o‘tayotgan. Biroq Qatardagi Arab siyosat tadqiqotlari markazi o‘tkazgan so‘rov natijalariga ko‘ra, 4000 suriyalik respondentning 57 foizi hozirgi siyosiy o‘zgarishlarni ijobiy baholagan.


