Suriyada ocharchilik tahdidi bu mamlakatda so‘nggi 12 yildan beri davom etayotgan to‘qnashuvlar tufayli maksimal darajaga yetdi. Bu haqda BMTning Jahon oziq-ovqat dasturi maʼlum qildi.
“Aholining 70 foizi yaqin orada o‘z oilalariga oziq-ovqat olib kelish imkoniyatidan mahrum bo‘ladi”, — deyiladi xabarda.
Tashkilot maʼlumotlariga ko‘ra, Suriyada 2,9 mln kishi ocharchilik xavfi ostida, yana 12 mln kishi barqaror oziq-ovqat manbalariga ega emas. Mamlakat oziq-ovqat bilan taʼminlanmaganlar soni bo‘yicha dunyoda oltinchi o‘rinda va so‘nggi uch yil ichida mamlakatda mahsulotlar narxi taxminan 12 barobarga oshgan.
BMTga ko‘ra, Suriya aholisining 90 foizi qashshoqlikda yashaydi, chunki mamlakat iqtisodiyoti qurolli to‘qnashuvlar, qurg‘oqchilik, vabo, COVID-19 pandemiyasi va qo‘shni Livandagi moliyaviy inqiroz oqibatlaridan zarar ko‘rgan.


