Davlat xavfsizlik xizmati Surxondaryo viloyati bo‘yicha boshqarmasi hamda viloyat Ichki ishlar boshqarmasi hamkorligida o‘tkazilgan tezkor tadbir davomida 1985-yilda Termiz shahrida tug‘ilgan shaxs o‘z boshqaruvidagi “Cobalt” rusumli avtomobilda 50 kg 978 gramm “gashish” moddasi bilan qo‘lga olindi. Shuningdek, uning yashash xonadonidan ham qo‘shimcha 186 gramm “gashish” moddasi olindi. Bu haqda DXX Zamon.uzga xabar berdi.
Tadbir jarayonida uning 1986-yilda tug‘ilgan, Sherobod tumanida yashovchi jinoiy sherigi ham ushlandi. Aniqlanishicha, ular afg‘onistonlik narkokuryerlar tomonidan aylanma yo‘llar orqali mamlakat hududiga o‘tkazilgan ushbu giyohvandlik vositalarini keyinchalik muomalaga kiritmoqchi bo‘lgan. Ta’kidlash joiz, ushbu qonunbuzarlardan biri avval giyohvandlik vositalarini sotish bilan bog‘liq jinoyat, ikkinchisi esa firibgarlik jinoyati uchun sudlangan bo‘lsa-da, xatolaridan tegishli xulosa chiqarmagan.
Mazkur yo‘nalishda Toshkent shahrida ham qonunbuzarlik holati qayd etildi. Uchtepa tumanida yashovchi 2000-yilda tug‘ilgan fuqaro tomonidan “Telegram” messenjeri orqali poytaxt hududida sintetik giyohvandlik vositalari sotilayotgani aniqlandi. Davlat xavfsizlik xizmati Toshkent shahar boshqarmasi xodimlari tomonidan Ichki ishlar bosh boshqarmasi bilan hamkorlikda o‘tkazilgan tezkor tadbirda mazkur shaxs 225 gramm “Alfa PVP” sintetik narkotik moddasi bilan qo‘lga olindi.
Shundan so‘ng, uning 2005-yilda tug‘ilgan tanishi ham 2 dona “Regapen” kuchli ta’sir qiluvchi dori vositasi bilan ushlanib, dastlabki surishtiruvda ushbu dori vositasini Mirzo Ulug‘bek tumanidagi dorixonadan sotib olganini ma’lum qildi. Tadbir davomida dorixonaning norasmiy sotuvchisi 14 dona “Regapen” dori vositasini mijozga 1 mln 200 ming so‘mga sotayotgan vaqtida qo‘lga olindi.
Bundan tashqari, dorixonaning yordamchi omborxonasidan 20 200 dona “Gabaten”, 823 dona “Regapen”, 100 dona “Galara”, 4 dona “Torgabalin” kabi tarkibida kuchli ta’sir qiluvchi modda bo‘lgan, tegishli hujjatlari mavjud bo‘lmagan dori vositalari ashyoviy dalil sifatida olindi.
Hozirda mazkur shaxslarning barchasiga nisbatan Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, “qamoq” ehtiyot chorasi qo‘llanildi. Tergov harakatlari olib borilmoqda.


