Surxondaryo viloyatida sobiq profilaktika inspektori xizmat vazifasiga loqaydlik bilan yondashgani va buning oqibatida uch yoshli bolaning o‘limiga sabab bo‘lganlik uchun javobgarlikka tortildi.
Sud materiallariga ko‘ra, o‘tgan yilning oktyabr oyida Denov tumanida yashovchi ayol telefon o‘g‘irlagani sababli unga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Sud-psixiatriya ekspertizasi uning og‘ir ruhiy kasallikka – shizofreniyaga chalinganini aniqlagan. 2025-yil 20-yanvar kuni Uzun tuman sudi ayolni Respublika ixtisoslashtirilgan ruhiy salomatlik markazining Surxondaryo filialiga majburiy davolanish uchun yuborish to‘g‘risida qaror chiqargan.
Biroq mazkur qaror ijrosi Denov tuman IIB profilaktika inspektori tomonidan o‘z vaqtida ta’minlanmagan. U ayolni davolash muassasasiga joylashtirish choralarini ko‘rmagan, natijada u nazoratdan chetda qolgan.
2025-yil 1-may kuni ruhiy muvozanati buzilgan ayol uch yoshli bolani pichoqlab, uning o‘limiga sabab bo‘lgan. Voqeadan so‘ng ayol o‘z joniga qasd qilgan.
Sudda sobiq inspektor aybini tan olib, qilgan ishi uchun afsusdaligini bildirgan. Sariosiyo tuman sudi uni Jinoyat kodeksining 207-moddasi 3-qismi “a” bandi (“Xizmatga beparvolik oqibatida odam o‘limiga sabab bo‘lish”) bilan aybdor deb topdi va unga uch yil ozodlikdan mahrum etish jazosi tayinladi. Shuningdek, unga Ichki ishlar organlarida ishlash huquqi ikki yilu olti yilga cheklab qo‘yildi.


