Surxondaryo viloyatining Oltinsoy tumanida isteʼmolga yaroqsiz yog‘ mahsulotlarini ishlab chiqaruvchi sex aniqlandi. Bu haqda Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti xabar berdi.
Maʼlum bo‘lishicha, fuqaro Sh.R. o‘z uyining yordamchi xo‘jaligida yashirin sex tashkil etib, isteʼmolchilarning hayoti va sog‘lig‘i xavfsizligi talablariga javob bermaydigan yog‘ mahsulotlarini ishlab chiqarib kelgan. Ushbu sexdan 717 kg chigit, 1 126 kg qo‘lbola usulda tayyorlangan yog‘ va boshqa ishlab chiqarishda foydalanilgan tovar moddiy boyliklar ashyoviy dalil sifatida olingan.
Mazkur holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 186-2-moddasi (chigitdan olinadigan mahsulotni qonunga xilof ravishda ishlab chiqarish yoki muomalaga kiritish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari o‘tkazilmoqda.


