Bosh prokuratura va Madaniy meros agentligi hamkorligida tarixiy yodgorliklarni muhofaza qilish va saqlashga qaratilgan nazorat tadbirlarida Surxondaryo viloyatida bir qator qonunbuzilishi holatlariga yo‘l qo‘yilgani aniqlandi.
Xususan, Sho‘rchi tumani hokimligi mansabdor shaxslari o‘z vazifalariga loqaydlik va vijdonsizlarcha munosabatda bo‘lishgani oqibatida madaniy meros obyektlariga 3,1 mlrd so‘mlik zarar yetkazilgan.
Jumladan, 2022-2023-yillarda:
- “M.” xususiy korxonasi rahbari X. M. va boshqalar “Yangiariq” mahallasidagi VII asrga oid “Jartepa” arxeologik yodgorligi hududida g‘isht ishlab chiqarish faoliyati bilan shug‘ullanib, 1,8 mlrd so‘mlik;
- fuqaro E. M. va boshqalar “Katta Sovur” mahallasidagi VI-VIII asrlarga oid “Qorovultepa” arxeologik yodgorligi tuproqlarini kesib, molxona qurib olib, 693 mln so‘mlik;
- fuqaro T. T. va boshqalar “Sourtepa” mahallasidagi I-V asrlarga oid “Savurtepa-2” arxeologik yodgorligi tuproqlarini kesib, molxona, hojatxona qurib, 670 mln so‘mlik zarar yetkazilgan.
Hozirda aniqlangan holatlar yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.


