Avvalroq Surxondaryo viloyatining Uzun tumanida maktab o‘qituvchilari ommaviy do‘pposlangani xabar qilingandi. Oliy sud matbuot kotibi aybdorga nisbatan qanday jazo qo‘llangani bo‘yicha maʼlumot berdi.
Bugun,16 iyun kuni jinoyat ishlari bo‘yicha Uzun tuman sudida G.T. (1988 yilda Surxondaryo viloyatining Sariosiyo tumanida tug‘ilgan, 31-sonli maktabning jismoniy tarbiya o‘qituvchisi bo‘lib ishlagan)ga oid jinoyat ishini ko‘rib chiqish bo‘yicha ochiq sud jarayoni tugab, sud hukmi eʼlon qilingan.
Hukmga ko‘ra, G T. Jinoyat kodeksining 277-moddasi (bezorilik) 3-qismi “G” bandi bilan aybli deb topilib, jinoyat oqibatida ikki nafar jabrlanuvchiga yetkazilgan maʼnaviy va moddiy zararlar qoplanganligi hamda ularning sudlanuvchiga nisbatan daʼvosi yo‘qligi inobatga olingan holda unga 1 yil 6 oy muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi. Tayinlangan jazoni manzil-koloniyalarda o‘tash belgilandi.


