FVV xabariga ko‘ra, 7-iyul kuni soat 14:20 atrofida Surxondaryo viloyati Sariosiyo tumani tog‘li hududida qisqa muddatli kuchli yomg‘ir yog‘ishi sababli sel oqimlari kelishi hodisasi kuzatilgan.
Natijada tumanning Xo‘jaasmin va Chosh aholi yashash punktlarini bog‘lovchi tog‘li dovon avtomobil yo‘liga katta xarsang toshlar va loyqalar tushib, dovon yo‘li yopilib qolgan. Oqibatda mazkur yopilib qolgan dovon yo‘lida 3 ta yengil “UAZ” rusumli avtomobil va 8 nafar fuqaro harakatsiz qolib ketgan.
Zudlik bilan hodisa joyiga yetib borgan maxsus xizmatlar tomonidan dovon avtomobil yo‘li katta xarsang tosh va loyqalardan tozalangan. Bundan tashqari, avtomobil qatnovi yo‘lga qo‘yilib, 8 nafar fuqaroga amaliy yordam ko‘rsatilgan.
Hodisa oqibatida tan jarohati olgan va halok bo‘lganlar yo‘q.


