Surxondaryo viloyatida YPX xodimlarini xizmat vazifasini bajarayotgan vaqtda videoga olib, haqoratli tarzda internetga joylashtirgan fuqaro 7 sutkaga maʼmuriy qamoqqa olindi. Bu haqda DYHXX matbuot xizmati xabar berdi.
Maʼlum qilinishicha, hodisa Denov tumanida sodir bo‘lgan. Fuqaro YPX xodimlarini videoga olib, uni Instagram ijtimoiy tarmog‘idagi shaxsiy sahifasiga joylashtirgan. Video mazmuni huquq-tartibot idoralari xodimlarining shaʼni va obro‘siga putur yetkazuvchi tarzda berilgan.
Sud majlisida fuqaro videoni obunachi sonini oshirish maqsadida joylashtirganini bildirib, qilmishidan pushaymon ekanini aytgan. Uning so‘zlariga ko‘ra, tarqatilgan video 2,5 million marta ko‘rilgan va unga 4–5 mingga yaqin izoh qoldirilgan.
Jinoyat ishlari bo‘yicha Denov tuman sudi qarori bilan fuqaro MJtKning 195-2-moddasiga asosan (huquqni muhofaza qiluvchi organlar xodimlarini obro‘sizlantirishga olib keladigan foto yoki videotasvirlarni tarqatish) maʼmuriy javobgarlikka tortildi va unga 7 sutkalik qamoq jazosi tayinlandi.


