Suzish federatsiyasi mansabdor shaxslari tomonidan suzish sporti uchun ajratilgan mablag‘lar hisobidan terma jamoa a’zosi bo‘lmagan aslida Federatsiya Bosh kotibining 15 nafar oila a’zolari Turkiya davlatiga dam olishga yuborilgani aniqlandi. Bu haqida Bosh prokuratura xabar berdi.
Qayd etilishicha, Prokuratura organlari tomonidan sportni rivojlantirishga qaratilgan qonunlar ijrosi yuzasidan o‘tkazilgan nazorat tadbirlarida O‘zbekiston suzish federatsiyasi mansabdor shaxslari tomonidan suzish sporti uchun ajratilgan mablag‘lar hisobidan terma jamoa a’zosi bo‘lmagan, aslida Federatsiya Bosh kotibi A.G.ning oila a’zolari bo‘lgan jami 15 nafar fuqarolarni Turkiya davlatiga dam olishga yuborilib, 405 million so‘m mablag‘ talon-toroj qilingan.
Shuningdek, amalda o‘tilmagan o‘quv — mashg‘ulot yig‘inlar uchun soxta buyruqlar asosida 458 million so‘m mablag‘lar o‘zlashtirilgan.
Bundan tashqari, Federatsiyaga xalqaro musobaqa va o‘quv mashg‘ulotlari o‘tkazish uchun homiylar tomonidan ajratilgan 1,2 milliard so‘m mablag‘lar maqsadsiz sarflangan.


