Kadastr agentligi ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan “Tadbirkor qurilishdagi korrupsiya haqida” nomli videopost yuzasidan rasmiy bayonot berdi.
Agentlik ma’lumotiga ko‘ra, qurilish uchun ruxsatnoma berish jarayonlarida kadastr idoralari ishtirok etmaydi. Fuqaro tomonidan ayrim jarayonlar noto‘g‘ri talqin qilingan.
Qayd etilishicha, tadbirkor yer sotib olgach, kadastr idoralari ikki ish kuni ichida uning yer huquqini ro‘yxatdan o‘tkazadi. Bu jarayon qurilish uchun ruxsatnoma berish bilan bog‘liq emas.
Shuningdek, kadastr idoralari qurilish ishlari tugagach, obyektni o‘lchab, kadastr pasportini rasmiylashtiradi. Obyekt foydalanishga qabul qilingandan keyingina ko‘chmas mulkka bo‘lgan huquqlar davlat ro‘yxatiga olinadi.
Kadastr agentligi korrupsiya har qanday ko‘rinishini keskin qoralashini bildirgan va tizimda shaffoflikni ta’minlash bo‘yicha qat’iy choralar ko‘rilayotganini ta’kidlagan.


