Joriy yilning 7-dekabr kuni Tailanddagi Pattayya shahrida o‘zbekistonlik ayol mehmonxonaning 6-qavatidagi balkondan qulab tushdi va oqibatda og‘ir jarohat oldi.
Ma’lum qilinishicha, mahalliy vaqt bilan 12:30 da qutqaruv markaziga Janubiy Pattayyadagi mehmonxonada chet ellik ayol balkondan qulagani haqida xabar berilgan. Qo‘ng‘iroq bo‘lgach, voqea joyiga qutqaruvchilar va tez yordam mashinasi yetib kelgan. 25 yoshli o‘zbekistonlik ayol hushsiz holda topilgan, uning boshi jarohatlangan va o‘ng oyog‘i singan. Qutqaruvchilar birinchi tibbiy yordam ko‘rsatgandan so‘ng, ayol zudlik bilan mahalliy shifoxonaga yetkazilgan.
“Men o‘z vazifamni bajarayotganda, baland ovozni eshitib cho‘chib ketdim. Ko‘cha tomonga qarasam bir ayol hushsiz yotibdi. Men darhol rasmiylarga xabar berdim”, degan mehmonxona qo‘riqchisi.
Pattayya polisiyasi ayol 6-qavatda ikki do‘sti bilan mehmonxonada turganini aniqlagan. Ofiserlar ularni so‘roq qilmoqchi bo‘lgan, biroq ikkalasi ham mast holatda bo‘lgan. Politsiya voqea sababini aniqlashga harakat qilmoqda.


