O‘zbekiston davlat jismoniy tarbiya va sport universiteti yurtimizda Olimpiya va jahon chempionlarini yetishtirib beradigan maskanlardan. Bir vaqtlar bu yerda Oksana Chusovitina, Rufat Risqiyev, Shahram G‘iyosov, Fazliddin G‘oyibnazarov, Ravshan Ermatov va Mirjalol Qosimov kabi taniqli sportchilar tahsil olgan.
Bugun kunda ham ushbu dargohda ko‘plab taniqli sportchilar tahsil oladi. Masalan, Olimpiya va jahon chempioni Bahodir Jalolov hamda yana bir Olimpiya chempioni Akbar Jo‘rayev.
Hozirda professional boksda faoliyat olib borayotgan Bahodir Jalolov o‘tgan yili Yaponiyaning Tokio shahrida o‘tkazilgan Olimpiya o‘yinlarida +90 kg vazn toifasida oltin medalni qo‘lga kiritdi. Undan avval bokschi 2019 yil Rossiyaning Yekaternburg shahrida o‘tgan jahon chempionatida ham g‘oliblik bo‘lgandi. Bahodir Jalolov professional boksda 10 ta jang o‘teazib, ularning barchasida raqiblaridan ustun kelgan. Hozirda sportchi O‘zbekiston davlat jismoniya tarbiya va sport universitetida 2-bosqich magstranti hisoblanadi.
Og‘ir atletika bo‘yicha Tokio-2020 Olimpiya o‘yinlaridan 109 kg vazn toifasida Akbar Jo‘rayev chempionlikni tantana qilgan edi. Bundan tashqari, u o‘tgan yili Toshkent shahri mezbonlik qilgan og‘ir atletika bo‘yicha jahon chempionatida ham shohsupaning eng yuqori pog‘onasidan joy olgan. Sportchi ham hozirda ushbu universitetning 2-bosqich talabasi.
Tokio shahrida o‘tgan Paralimpiya o‘yinlarida O‘zbekiston terma jamoasi munosib ishtirok etib umumjamoa hisobida 8 ta oltin, 5 ta kumush va 6 ta bronza medallarini jamg‘arib, 162 mamlakat orasida 16-o‘rinni qo‘lga kiritdi. Quvonarlisi, musobaqada oliygoh talabalari ham munosib ishtirok etdi. Ular orasida Paralimpiya o‘yinlari chempioni Boburjon Omonov ham bor edi. Boburjon para yengil atletikaning yadro uloqtirish yo‘nalishida Paralimpiya rekordini o‘rnatib, chempionga aylangan. Hozirda u Jismoniy tarbiya va sport universitetining 2-bosqichida tahsil oladi.
Yaponiya bo‘lib o‘tgan Paralimpiya o‘yinlaridan yana bir sportchi talaba yurtimiz shanini munosib himoya qilgan. O‘zDJTSU talabasi Roza Qo‘ziyeva musobaqada kumush medalni qo‘lga kiritib jamoamiz hisobiga yana bir medalni taqdim etgan edi. U hozirda 3-bosqich talabasi.
Bugungi kunda boks bo‘yicha jahon chempionatlarida universitetning yosh umidli sportchilari ham yurtimiz sharafini munosib himoya qilib kelmoqda. Ularga Abdumalik Halakov, Madiyor Saidrahimov kabi boskchilarimizni misol qilib keltirishimiz mumkin.
Abdumalik Halakov 2021 yili Serbiyaning Belgrad shahrida o‘tgan jahon chempionatida kumush medal sohibiga aylangandi. U finalda fransiyalik tajribali bokschiga imkoniyatni boy berib qo‘ygan. Sportchi hozirda magistr.
Shuningdek, Madiyor Saidrahimov ham Abdumalikdan ortda emas. Ular bu yil magistrlik diplomini himoya qiladi.
Jamshidbek Amirov


